Istanbulning terakt sodir etilgan Istiqlol ko‘chasida taqiqlar joriy qilindi
Olam
−
25 noyabr 2022 4536 2 daqiqa
Istanbul rahbariyati 13 noyabr kuni terakt sodir bo‘lgan piyodalar uchun mo‘ljallangan Taqsim maydoniga olib keluvchi Istiqlol ko‘chasida ommaviy, madaniy, tijorat va boshqa tadbirlar, kortejlar, shuningdek, ko‘cha musiqachilarining chiqishlarini o‘tkazishni taqiqladi. Qaror aholi va sayyohlar orasida mashhur joyda yangi teraktlarning oldini olish maqsadida qabul qilingan. Bu haqda shahar hokimligi saytida xabar berildi.
“Hujjat Istiqlol ko‘chasida xavfsizlik, osoyishtalik va jamoat tartibini saqlashga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida Istanbul gubernatori Ali Yerliqoya tomonidan imzolangan”, deyiladi shahar hokimligi xabarida.
Avvalroq 1,5 kilometrlik ko‘chadan barcha daraxtlar va o‘rindiqlar olib tashlangan edi. Bunga esa terrorchi portlovchi moddani aynan daraxt ostidagi o‘rindiq yonida yashirib qoldirgani sabab bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Istanbulning Istiqlol ko‘chasi – Taqsim maydoni shaharning sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan diqqatga sazovar markazlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda o‘zbekistonliklarni ham ko‘p uchratish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 noyabr kuni tushdan keyin Istanbulning Beyo‘g‘li tumanidagi sayyohlar gavjum va mashhur Istiqlol ko‘chasida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida olti kishi halok bo‘lgan, 80 dan ortiq kishi jarohatlangan.
Jarohatlanganlarning 50 nafariga shu kunning o‘zida shifokorlar uyga ketishga ruxsat bergan. 31 kishi shifoxonaga joylashtirilgan. Ulardan besh nafarining ahvoli og‘ir, 2 nafari o‘tar og‘ir ahvolda. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an voqeada terror izi borligini aytdi.
Terakt sodir etilganidan 10 soat o‘tib, teraktning ijrochisi – arab millatiga mansub ayol Ahlam Albashir Istanbul politsiyasi tomonidan qo‘lga olindi.
Tergov davomida u AQSHdan kelgan instruktorlar rahbarligida terrorchilik mashg‘ulotlaridan o‘tganini tan oldi.
Live
Barchasi