Istanbuldan kelayotgan yo‘lovchining sumkasidan timsoh boshi topildi
Olam
−
08:36 2001 2 daqiqa
Italiyaning Turin shahridagi Kaselle aeroportida yo‘lovchining yukidan yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan timsohning boshi topildi. Bu haqda joriy yilning 8 sentyabr kuni Turin moliyaviy politsiyasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, erkak Mayamidan Istanbul orqali Turinga kelgan. Bojxona xodimlari bilan hamkorlikda himoya ostidagi va yo‘qolib ketish xavfi bo‘lgan hayvonlar savdosini nazorat qilish doirasida yo‘lovchining yuki tekshirilgan.
Tekshiruv vaqtida timsohning quritilgan boshi oddiy o‘rash qog‘oziga o‘ralgan holda aniqlangan. Moliyaviy politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, shu tarzda u jo‘nab ketgan mamlakatdagi nazoratdan yashirilgan.
Chegara xizmati timsoh boshini musodara qilgan, yo‘lovchi esa himoya ostidagi hayvon turiga tegishli namuna uchun zarur sertifikat yoki ruxsatnomaga ega bo‘lmagan holda uni olib kirishga uringanlikda gumonlanib, tergovga jalb qilingan.
Agar aybi isbotlansa, erkakka 20 mingdan 200 ming yevrogacha jarima yoki olti oydan bir yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.
Timsohlar 1973 yilda imzolangan Vashington konvensiyasi doirasida himoya qilinadi. Ushbu xalqaro kelishuv noyob va yo‘qolib ketish xavfi bo‘lgan o‘simlik hamda hayvonlarni noqonuniy savdodan muhofaza qilishga qaratilgan.
Italiya ekzotik hayvonlarni noqonuniy savdosi uchun muhim tranzit nuqtalardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, sayyohlar Floridadagi suvenir do‘konlarida keng uchraydigan quritilgan timsoh boshlarini ularni olib chiqish yoki olib kirish qonunga zid ekanini bilmagan holda sotib olishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonga kelayotgan yo‘lovchining sumkasidan bo‘g‘ma ilon chiqqani xabar qilingandi.
Live
Barchasi