Istanbuldagi otishma terakt bo‘lib chiqdi. Begunoh fuqaro halok bo‘ldi
Olam
−
06 fevral
8701Turkiyaning Istanbul shahri Chag‘layan tumanidagi Adliya saroyi oldida sodir bo‘lgan otishmada 6 kishi jarohatlandi. Uch kishi, jumladan hujumni uyushtirishga uringan ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Turkiya Ichki ishlar vazirligi rahbari Ali Yerliqoya ma’lum qildi.
“Bugun soat 11:46 da Chag‘layandagi Istanbul sudi binosi yaqinidagi nazorat-o‘tkazish punktiga hujum uyushtirishga urinish bo‘ldi. Ikki hujumchi, bir ayol va bir erkak yo‘q qilindi. Aniqlanishicha, hujumchilar E.E. va P.B. “Inqilobiy xalq ozodlik partiyasi – front” terrorchilik tashkiloti a’zolaridir. Olti kishi, jumladan, uch nafar politsiyachi jarohatlandi”, deb yozadi u.
Hozirda sud binosi politsiya tomonidan o‘rab olingan, kirish va chiqishlar yopilgan, xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. U yerga ko‘p sonli huquq-tartibot idoralari xodimlari jalb qilingan. Qayd etilishicha, otishmalardan keyin bino yaqinidagi odamlar orasida vahima ko‘tarilgan. Ko‘pchilik qochib keta boshlagan, ba’zilar yerga yotgan. Voqea joyiga Istanbul bosh prokurori yetib kelgan.
Vazir otishma terrorchilik harakati ekanligini aytdi.
Otishma oqibatida bir fuqaro olgan jarohatlaridan vafot etdi. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma’lum qilib, respublika rasmiylari bundan buyon ham terrorizmga qat’iy qarshi turishiga va’da berdi.
“Ikki nafar terrorist [erkak va ayol] o‘zlarining qabih rejalarini amalga oshirishga ulgurmay turib politsiyamiz tomonidan zararsizlantirildi. Turkiya har tomonlama terror tashkilotlari va ularni qo‘llab-quvvatlovchilarga qarshi qat’iy kurashni davom ettiradi. Afsuski, terakt oqibatida bir fuqaromiz olgan jarohatlaridan vafot etdi”, deydi Erdo‘g‘an.
Mahalliy matbuotning yozishicha, Adliya saroyida yo‘q qilingan terrorchilar avvalroq Turkiya razvedka xizmatlari e’tiboriga tushgan. Xabar qilinishicha, hujumchilardan birining singlisi jinoiy ish bo‘yicha bugun, 6 fevral kuni sudga kelishi kerak bo‘lgan.
LiveBarchasi