Istanbuldagi zilzilada 151 kishi balandlikdan sakragan. Ular orasida o‘zbekistonliklar bormi?
Olam
−
23 aprel 2025 11069 2 daqiqa
Avvalroq, Turkiyaning Istanbul shahrida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu zilzila paytida 151 kishi qo‘rquv sabab balandlikdan sakragan holda tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu zilzila Istanbulning barcha tumanlarida hamda qo‘shni viloyatlarda, jumladan Izmirda ham sezilgan. Ko‘plab aholi binolardan chiqib, ochiq joylarda to‘plangan. Mahalliy hokimiyatlar ma’lumotiga ko‘ra, jiddiy vayronagarchilik yoki halok bo‘lganlar qayd etilmagan. Bir fuqaro binodan chiqib ketish paytida jarohat olgan.
Asosiy silkinishdan so‘ng bir necha aftershoklar kuzatilgan, ulardan eng kuchlisi 5,3 magnitudada bo‘lgan. Hokimiyatlar aholini zarar ko‘rgan binolarga kirmaslikka va xavfsizlik choralariga amal qilishga chaqirmoqda.
Istanbul gubernatorligi ma’lumotiga ko‘ra, zilzila oqibatida hech kim halok bo‘lmagan.
Shuningdek, Fatix tumanida tashlandiq bino qulab tushgan, ammo hodisa oqibatida hech kim jabr ko‘rmagan.
Bildirilishicha, Bosh konsulxona mahalliy favqulodda xizmatlar bilan doimiy aloqada bo‘lib, vaziyatni kuzatishda davom etmoqda.
“Hozirgi vaqtgacha O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari orasida jabrlanganlar haqida ma’lumot kelib tushmagan”, deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, boshqa ma’lumot kelib tushgan taqdirda, Bosh konsulxona ma’lumot taqdim etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi barcha Turkiyada yashayotgan fuqarolarni ogohlantirgan edi.
Live
Barchasi