Istanbulda o‘zbekistonlik “Monya xonim” ham qo‘lga olindi
3-sahifa
−
15 fevral
33666Turkiya politsiyasi va O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti Qidiruv boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida jinoyat olamida “Monya” taxallusi bilan tanilgan Munisaxon Alijonova Istanbul shahrida qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Bildirilishicha, 2001 yilda tug‘ilgan Munisaxon Alijonova odam savdosi jinoyatini sodir etganlikda ayblanib, 2023 yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan qidiruvda bo‘lgan.
“Ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga yoki O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilish so‘raladi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, jinoyat uchun jazoning muqarrarligini ta’minlash maqsadida Turkiya hududida hamkorlikdagi tadbirlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda xalqaro odam savdosi jinoyati doirasida qidiruvga berilib, “Madam Klod” taxallusi bilan tanilgan Nilufar Mirxanova, firibgarlik ayblovi bilan xalqaro qidiruvda bo‘lgan va Turkiyada qo‘lga olingan O‘zbekiston fuqarosi Rita Xalilova, fuqarolarning ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblanib, Turkiyada qo‘lga olingan yana ikki o‘zbekistonlik Toshkentga deportatsiya qilingandi.
LiveBarchasi