Istanbulda dunyoni ochlik va qimmatchilikdan qutqaradigan muhim muzokara boshlandi
Olam
−
13 iyul 2022
8212Bugun, 13 iyul kuni Istanbulda Ukraina donini eksport qilish bo‘yicha to‘rt tomonlama yig‘ilish boshlandi.
Unda Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Ukraina harbiy delegatsiyalari hamda BMT vakillari ishtirok etmoqda. Uchrashuv qayerda o‘tayotgani ochiqlanmagan va matbuot uchun yopiq eshiklar ortida o‘tkazilmoqda. Uning natijalariga ko‘ra Turkiya Mudofaa vazirligi bayonot berishi kutilmoqda.
CNN Türk telekanali xabariga ko‘ra, uchrashuv harbiy ob’ektlardan birida bo‘lib o‘tmoqda.
“Habertürk” manbalarining qayd etishicha, Turkiya muzokaralarda Qora dengizdagi minalardan tozalash jarayonining kafolati sifatida harakat qilish niyatida, bu muzokaralarning asosiy maqsadi – don eksporti uchun xavfsiz yo‘laklarni shakllantirish va tegishli muvofiqlashtirish markazini yaratishga erishish.
Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili general-leytenant Igor Konashenkovga ko‘ra, Rossiya Turkiyadagi muzokaralarda Qora dengiz portlaridan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishni tashkil etish masalasini imkon qadar tezroq amaliy hal etish bo‘yicha takliflar paketini ko‘rib chiqish uchun taqdim etgan.
“Rossiya delegatsiya ushbu masalani imkon qadar tezroq amaliy hal etish bo‘yicha takliflar to‘plamini tayyorlab, ko‘rib chiqish uchun taqdim etdi”, deydi Konashenkov.
Ma’lumot uchun, 8 iyun kuni Rossiya va Turkiya tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Mavlud Chavusho‘g‘li Anqarada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda “Don yo‘lagi”ni yaratish masalasini muhokama qildilar. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avvalroq Kiyev o‘z portlarini minalardan tozalasa, Moskva Ukraina donini olib ketayotgan kemalarning to‘siqsiz o‘tishini kafolatlashi, Berdyansk va Mariupol kabi Rossiya nazoratidagi portlar orqali tovarlar eksport qilinishini ta’minlashi mumkinligini aytgan edi. U jahon oziq-ovqat bozoridagi muammolar 2020 yilning fevralida boshlanganini eslatib, Rossiyaning Ukraina portlarida donni to‘sib qo‘ygani haqidagi bayonotlarni feyk deb atadi.
Turkiya hukumati Ukraina g‘allasini Qora dengiz orqali yetkazib berish uchun xavfsizlik kafolatlarini ta’minlashi mumkinligini ma’lum qildi. TRT telekanali o‘tgan hafta Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma’muriyatidagi manbalarga tayanib, Ukraina g‘allasini yetkazib berish bo‘yicha yo‘l xaritasini amalga oshirish mexanizmi 80-90 foiz tayyor ekanligini va tegishli kelishuvlarga erishilsa, u amalga oshirilishi mumkinligini ma’lum qildi.