Issiqxonalarda gazdan qarzdorlik uchun 6 oy penya hisoblanmaydigan bo‘ldi – Prezident qarori
Jamiyat
−
03 noyabr 2022
6028O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 2 noyabr kuni “Issiqxona xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Mamlakat aholisiga sifatli va kafolatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, issiqxona xo‘jaliklari va muzlatkichli omborxonalarning iqtisodiy jihatdan samarali ishlashi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, mazkur sohada band bo‘lgan aholi daromadlarini oshirishni qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida:
1. Issiqxona xo‘jaliklarida mahsulot yetishtirish va tayyor mahsulotni ichki va tashqi bozorga yo‘naltirishning shunday yangi mexanizmi joriy etilsinki, unga muvofiq Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi:
• issiqxona xo‘jaliklariga urug‘, ko‘chat, mineral o‘g‘it va boshqa moddiy resurslarni yetkazib berish va yetishtirilgan mahsulotni ulardan xarid qilish choralarini ko‘radi;
• respublikada faoliyat yuritayotgan tajribali va malakali agronom, entomolog, laboratoriya mutaxassislarini issiqxona xo‘jaliklariga shartnoma asosida tavsiya qiladi;
• sertifikatlangan va kafolatlangan urug‘ va ko‘chatlarni yetishtirish bo‘yicha maxsus ko‘chatxonalarni tashkil etishga ko‘maklashadi;
• issiqxona xo‘jaliklari bilan o‘zaro hamkorlik asosida kooperatsiya faoliyatini yo‘lga qo‘yish, yetishtirilgan mahsulotni saralash, qayta ishlash, saqlash, qadoqlash va eksport qilishga ko‘maklashadi;
• O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi bilan birgalikda kelishuv asosida hududiy inspektorlarni biriktiradi va o‘simliklar himoyasini tashkil etishbo‘yicha xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlaydi.
2. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Markaziy bank, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining quyidagi takliflari ma’qullansin:
a) xalqaro moliya institutlari, maqsadli jamg‘armalar hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan issiqxona xo‘jaliklari va muzlatkichli omborxonalar uchun ajratilgan milliy va xorijiy valyutadagi kreditlarni qaytarish muddatlarini umumiy hisobda 14 yil etib belgilash va imtiyozli davrini 3 yildan 5 yilgacha uzaytirish (muddati o‘tgan asosiy va foiz qarzdorliklarini kredit davriga mutanosib ravishda uzaytirish). Bunda, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan avval taqdim qilingan kafillik va kredit foizlari kompensatsiyalari saqlanib qoladi.
Mazkur imtiyozlar Issiqxona xo‘jaliklari moliyaviy ahvolini sog‘lomlashtirish va rivojlantirish bo‘yicha respublika ishchi guruhining o‘rganish natijalariga ko‘ra shakllantirilgan ro‘yxat asosida taqdim etiladi;
b) issiqxona xo‘jaliklarini aylanma mablag‘ (urug‘lik, ko‘chat, o‘g‘it, kimyoviy vositalar, issiqxona materiallarini sotib olish va isitish xarajatlari uchun) bilan ta’minlash uchun tijorat banklari tomonidan bir yil muddatga olti oylik imtiyozli davr bilan kredit ajratish. Bunda:
• mazkur kreditlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 6 oktyabrdagi PQ–387-son qarorida nazarda tutilgan tartibda va shartlarda Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligiga ajratilgan byudjet ssudasi hisobidan moliyalashtiriladi;
• issiqxona xo‘jaliklarida eksportbop mahsulot yetishtirishga talab etiladigan aylanma mablag‘lar uchun xorijiy valyutadagi bank kreditlari Eksportni rag‘batlantirish agentligi mablag‘lari hisobidan yillik 4 foiz stavkada (shundan, bank marjasi 2 foiz) ajratiladi. Bunda, kredit ta’minoti sifatida “O‘zbekinvest” sug‘urta kompaniyasi sug‘urta polisi qabul qilinadi va sug‘urta mukofoti xarajatlarining 75 foizi Eksportni rag‘batlantirish agentligi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;
• ajratilgan kreditlarni qaytarish muddatlari issiqxonalarda hosilni yig‘ib olish va sotish muddatlariga moslashtiriladi hamda kreditlarni qaytarish grafiklari shu asosida tasdiqlanadi;
v) issiqxona xo‘jaliklariga tabiiy gaz bo‘yicha to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaganlik uchun penya summasi 2022 yil 1 oktyabrdan 2023 yil 1 aprelgacha, istisno tariqasida, hisoblanmaydi.
3. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Markaziy bank va tijorat banklari bilan birgalikda 15 kun muddatda mazkur qarorning 2-bandida nazarda tutilgan milliy va xorijiy valyutadagi kreditlarning belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:
a) issiqxona xo‘jaliklari uchun tijorat banklariga kredit va ularning foizini qaytarish muddati qat’iy ravishda mahsulotning pishib-yetilishi davriga moslashtiriladi;
b) sanoat tipidagi zamonaviy issiqxona va logistika markazlarini tashkil etish uchun yaxlit maydonlar yagona (hududda) “lot” bilan ochiq auksion savdolariga chiqariladi. Bunda, ajratiladigan maydonlar hajmi hudud sharoitidan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari tomonidan belgilanadi.
5. 2022–2023 yillarda issiqxona xo‘jaliklarini muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari (ichimlik va oqova suv, elektr energiyasi va irrigatsiya tarmoqlari) bilan ta’minlash bo‘yicha manzilli ro‘yxat 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Moliya vazirligi, Energetika vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda 2022–2023 yillarda respublika bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan va yangidan tashkil etiladigan issiqxonalar uchun elektr uzatish liniyalarini qurish, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini tortish dasturini hamda ajratiladigan byudjet mablag‘lari parametrlarini tasdiqlasin. Bunda, ajratiladigan mablag‘lar kichik sanoat zonalari uchun nazardatutilgan byudjet mablag‘lari doirasida ko‘rib chiqiladi.
6. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchixonalari bilan birgalikda:
• bir oy muddatda xususiy sektor ishtirokida an’anaviy yirik eksport bozorlari hududida meva-sabzavotlarni saqlash, saralash va qadoqlash kabi kompleks logistika imkoniyatlariga ega bo‘lgan savdo majmualarini tashkil etish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
• tashqi bozorlarda “oldindan kutilmagan” va nosog‘lom raqobat oqibatida yuzaga keladigan moliyaviy yo‘qotishlarni, avvalo eksportga yuklanadigan mahsulotlar bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan tuziladigan uzoq muddatli savdo shartnomalari orqali oldini olish choralarini ko‘rsin;
• 2022 yil yakuniga qadar Yaponiya, Koreya Respublikasi,Yevropa mamlakatlarida yangi eksport bozorlarini ochish yuzasidan hukumatlararo kelishuvlar imzolanishini ta’minlasin.
7. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va Energetika vazirligi bir oy muddatda hududlardagi issiqlik elektr stansiyalari va markazlaridan issiqlik energiyasi olib faoliyat yuritadigan issiqxonalarga energiya yetkazib berishda “sun’iy” vositachilar paydo bo‘lishi va narxlarning asossiz o‘sishining oldini olish choralarini ko‘rsin.
8. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda issiqxonalarda yetishtirilgan mahsulotlarni bozorlarga yetkazishni kengaytirish maqsadida xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan agrologistika loyihalarini amalga oshirishda yuk avtomobillarini (sovitkichli) xarid qilishnimoliyalashtirish choralarini ko‘rsin.
9. Issiqxona xo‘jaliklari moliyaviy ahvolini sog‘lomlashtirish va rivojlantirish bo‘yicha respublika ishchi guruhining tarkibi (keyingi o‘rinlarda – Respublika ishchi guruhi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Respublika ishchi guruhi (A.Voitov):
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, tijorat banklari bilan birgalikda hududlardagi samarasiz issiqxona xo‘jaliklarini aniqlab, egalari bilan kelishgan holda ularning yangi tashabbuskorlarga o‘tkazib berilishini (oldi-sotdi, kredit bo‘yicha bank oldidagi majburiyatlarni sotib olish yoki boshqa kelishilgan shartlarda) tashkil etsin;
• ikki oy muddatda yer uchastkasiga bo‘lgan egalik huquqini rasmiylashtirishda muammosi bo‘lgan issiqxona xo‘jaliklarini xatlovdan o‘tkazib, ularning yechimi bo‘yicha Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan va o‘rmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini o‘zgartirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Hukumat komissiyasiga taklif kiritsin;
• issiqxona xo‘jaliklari moliyaviy ahvolini sog‘lomlashtirish va rivojlantirish bo‘yicha doimiy ravishda takliflar kiritib borsin.
10. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi ommaviy axborot vositalarida issiqxona xo‘jaliklarida intensiv usulda mahsulot yetishtirish, ularni ichki va tashqi bozorlarga yo‘naltirish bo‘yicha ijobiy tajribalarni atroflicha yoritib borsin.
11. Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul
va shaxsiy javobgar etib qishloq xo‘jaligi vaziri A.B. Voitov va moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, uning ijrosi uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosarlari Sh.M.G‘aniyev va J.A.Xodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
LiveBarchasi