Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi qurilish loyihalari bilan tanishdi
Jamiyat
−
28 dekabr 2024
7123Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 28 dekabr kuni Yangi Toshkent shahri hududidagi qurilish va obodonlashtirish loyihalari bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumki, yangi shaharga 2023 yil 18 mart kuni tamal toshi qo‘yilgan edi. Shu munosabat bilan o‘tgan marosimda davlat rahbari u “yashil shahar” bo‘lishini aytgan edi. Bu havo va suv tozaligi, muqobil energiya manbalari, daraxtzorlar ko‘pligi kabi maqsadlarni o‘z ichiga oladi. “Toshkentning yashil belbog‘i” loyihasi shu yerdan boshlanadi. 420 gektar maydonda Markaziy bog‘ barpo etilib, 200 ming tup daraxt ekiladi.
"Buning uchun ish hozirdan boshlanib, 50 gektar maydonda ko‘chatxona tashkil etilgan. Prezidentimiz shu yerda bo‘lib, navnihollarni ko‘zdan kechirdi. Bo‘lajak daraxtzorlarning landshaft dizayni, sug‘orish va parvarishlash tizimi haqida ma’lumot berildi", deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, hozirda keyinchalik ko‘chirib o‘tkazish uchun 27 ming tup manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan. Shuningdek, issiqxona, qozonxona, ko‘chatlarni saqlash va sug‘orish tizimlari barpo etilgan.
Qayd etilishicha, yangi shaharda tegishli vazirlik va idoralar ishini tashkil etish uchun vaqtinchalik ma’muriy binolar qurilmoqda. Prezident Mirziyoyev ulardagi sharoitlar bilan ham tanishdi.
"Hozirda yengil konstruksiyalardan 4 ta bino va yordamchi inshootlar barpo etilgan. Bunda to‘liq mahalliy qurilish materiallaridan foydalanilgan. Ofislar “open space” uslubida bo‘lib, har birida 250 nafargacha xodim faoliyat yuritishi mumkin", deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, bu vazirlik va idoralar ishini bosqichma-bosqich shu yerda tashkillashtirish imkonini berib, Toshkentdagi tirbandlikni kamaytirishga ham xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiyaning O‘zbekistondagi tijorat vakolatxonasi Toshkent shahrida qurilayotgan Yangi Toshkent tumanida Sankt-Peterburg kvartali barpo etilishini e’lon qilgandi.
LiveBarchasi