Mirziyoyev YeOII davlatlari fuqarolarining O‘zbekistonga kirishini osonlashtirmoqchi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 26 dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi maqomida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bu galgi uchrashuvda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan onlayn formatda qatnashib, yig‘ilishga raislik qildi. Uchrashuvda Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, shuningdek, YeOII huzuridagi kuzatuvchi mamlakat – Eron Islom Respublikasi Sanoat, konlar va savdo vaziri Said Muhammad Otabak ham qatnashdi. Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Dias-Kanel esa ishtirokchilarga videomurojaat yo‘lladi.

Shavkat Mirziyoyev so‘zining avvalida so‘nggi yillarda O‘zbekiston kuzatuvchi sifatida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan 22 ta yo‘nalishda samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yganini ta’kidladi. 2024 yilda O‘zbekistonning ittifoq mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 11 foizga oshdi. Oktyabr oyida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan savdo, sanoat, moliya, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa sohalarda 40 ga yaqin chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan yangi uch yillik hamkorlik rejasi qabul qilindi.

O‘zbekiston, shuningdek, YeOIIning savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijoratni joriy etish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohasidagi qator tarmoq dasturlarida faol ishtirok etmoqda. Xususan, Mirziyoyev o‘zaro savdodagi savdo to‘siqlarini bosqichma-bosqich bartaraf etishga chaqirdi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston va YeOII davlatlari o‘rtasidagi savdoda tarif va notarif cheklovlarni qo‘llamaslik masalasini ekspertlar darajasida ishlab chiqish taklif etildi.

O‘zbekiston Prezidenti tadbir yakunida imzolanayotgan Yagona bojxona tranziti tizimi to‘g‘risidagi bitimda mamlakatning ishtirok etishi, shuningdek, bojxona chegaralari orqali olib o‘tilayotgan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida elektron ma’lumotlar almashinuvini tez fursatda joriy etish tarafdori ekanini ta’kidladi.

Sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va vositalariga qo‘shilishdan manfaatdorlik bildirildi.

“Qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun ishonchli moliyaviy manbalarni shakllantirish maqsadida kelgusi yil boshida tartib-taomillarni yakunlab, Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqdamiz”, dedi Prezident.

Biznesni yanada faol jalb qilish va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida YeOII Ishbilarmonlar kengashining yig‘ilishini 2025 yil aprel oyida Toshkent shahrida o‘tkazish taklif etildi.

Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida tizimli hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi. Mamlakatimizni YeOIIning integratsiyalashgan axborot tizimiga va "Raqamli ittifoq" loyihasiga ulash tashabbusi ilgari surildi.

Agrar sohada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni yengillashtirish, innovatsion agrosanoat loyihalarini amalga oshirish va ilmiy ishlanmalarni joriy etishga qaratilgan kooperatsiya dasturini tayyorlash taklif etildi.

Sayyohlik almashinuvlarini rag‘batlantirish maqsadida davlat rahbari YeOII davlatlari fuqarolariga O‘zbekistonga ichki hujjatlar bilan kirish imkonini beruvchi tartibni joriy etishga tayyorligini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing