Issiqda qaysi mahsulotlarni yeb bo‘lmaydi?

Salomatlik

image

Yozda kolbasa, konserva va tuzlangan mahsulotlar, sho‘r baliq, dudlangan go‘shtdan mutlaqo tiyilish kerak. Bu haqda Toshkent tibbiyot akademiyasi professori Guli Shayxova Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati e’lon qilgan intervyuda aytib o‘tgan.

Shayxovaga ko‘ra, bunday yeguliklar chanqoqni oshirishidan tashqari, yurak-qon tomir, oshqozon-ichak tizimi faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Sog‘lom insonlar uchun kunlik iste’mol qilinadigan suv me’yori 3 litrgacha. Yurak qon-tomir, buyrak xastaligi bor insonlarga esa hatto ko‘p suv ichish tavsiya etilmaydi.

“Yozning issiq kunlarida inson ishtahasi biroz pasayadi. Shu bois sersuv meva-sabzavot va ulardan tayyorlangan salatlar sevib iste’mol qilinadi. Chunki bu ozuqalar chanqoqni qondiribgina qolmay, tanani zarur mineral va vitaminlar bilan to‘yintiradi. Biroq ushbu mahsulotlar kam kaloriyali bo‘lgani tufayli kundalik sarflangan energiya o‘rnini bosolmaydi. Organizm esa doim oqsil moddalariga ehtiyoj sezadi”, degan professor.

Qolaversa, go‘sht va uning o‘rnini bosuvchi dukkakli hamda boshqa ozuqalar ham kunlik dasturxondan joy olishi kerak. Shifokorning tavsiya qilishicha, faqat ularni qaynatilgan holatda tanavvul qilish kerak. 

“Suyuq ovqatlar issiq kunlar uchun, ayniqsa mos. O‘z navbatida yozda ovqatlanish tartibini ham biroz o‘zgartirgan ma’qul. Soat 7:00 nonushta uchun mos vaqt. Ertalab sut mahsulotlari, meva-sabzavot, qaynatilgan go‘sht va tarkibida oqsil, yog‘ va uglevodlar bo‘lgan boshqa mahsulotlar iste’mol qilinishi kerak”, degan u.

Shuningdek, u tushlik uchun yengil hazm bo‘luvchi sho‘rva, moshxo‘rda, mastava, manpar, suvda yoki bug‘da tayyorlangan kotletlar foydali ekanligini, ular sabzavotlardan tayyorlangan salat va ko‘katlar bilan qo‘shib tanavvul qilinsa yanada yaxshi bo‘lishini aytgan.

“Meva sharbatlari tayyorlash chog‘ida ular tarkibiga imkon qadar shakar qo‘shmaslikni tavsiya qilamiz”, deya qo‘shimcha qilgan Guli Shayxova.

Bundan tashqari, mutaxasis tomonidan kechki ovqat uchun taomnoma ham tez va yengil hazm bo‘luvchi suyuq ovqatlardan tashkil topishi, kam uglevod saqlovchi qatiq, olma, sabzavotlar ham dasturxonda bo‘lishi kerakligi ta’kidlangan.


Maqola muallifi

Teglar

kolbasa konserva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing