Isroilning raketa zarbalari 9 nafar falastinlik bolaning hayotiga zomin bo‘ldi

Olam

image

Kecha, 10 may kuni Isroil falastinliklarning HAMAS harakatiga javoban G‘azo sektoriga havo hujumini uyushtirdi. Buning oqibatida 22 falastinlik arab halok bo‘ldi, 100 dan ortig‘i jarohatlandi. Bu haqda Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi saytida xabar berildi

“Isroilning havodan G‘azoga qilgan davomli hujumlari oqibatida 22 falastinlik halok bo‘ldi hamda 106 kishi jarohat oldi”, deyiladi bayonotda.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida bir ayol va to‘qqiz bola bor.

Eslatib o‘tamiz, 10 may kuni falastinliklarning HAMAS harakati Isroilning bir qator shaharlarini 45 ta raketa bilan o‘qqa tutdi. Biroq Isroilning havo hujumiga qarshi “Temir gumbaz” mudofaa tizimi ushbu 45 raketaning katta qismini osmonning o‘zida zararsizlantirdi. Ba’zilari esa aholi yashash punktiga tushdi. 

Bunga javoban Isroil tomoni darhol 130 ta raketa bilan HAMAS harakati joylashgan G‘azo sektorini o‘qqa tutdi. Oqibatda esa ta’kidlanganidek, falastinlik bolalar va ayollar halok bo‘ldi.

Quddusdagi vaziyatning keskinlashishi

Qayd etish kerakki, HAMASning harbiy harakatlariga Isroilning bosib olingan Quddus shahridagi provokatsion zo‘ravonliklari sabab bo‘lgan.

Gap shundaki, 7 may – Ramazon oyining oxirgi Juma kuni, Quddusdagi Al-Aqso masjidi atrofida tartibsizliklar boshlandi. Bunga Isroil politsiyasi tomonidan falastinliklar taroveh namozini o‘qiyotgan ushbu masjidga hujum qilgani sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, Isroil sudi Shayx Jarroh mahallasida yashovchi arab oilalarini ko‘chirish to‘g‘risida qaror chiqargan. Chunki bu yerlarga yahudiylar da’vo qilib keladi.

Qizil yarim oy jamiyatining ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil politsiyasining zo‘ravonliklari oqibatida 700 dan ortiq kishi jarohatlangan, shundan 333 nafari shifoxonaga yotqizilgan

Xalqaro hamjamiyat Quddusdagi voqealarga tezda munosabat bildirdi. BMT Xavfsizlik Kengashi 10 may kuni Falastindagi mojarolarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, ammo yakunda hech qanday bayonot qabul qilinmadi.

O‘z navbatida, muntazam ravishda falastinliklar tomonida turuvchi Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an islomiy mamlakatlar va butun dunyo jamoatchiligini okkupatsiya qilingan Sharqiy Quddusdagi falastinliklarni o‘z uylaridan zo‘rlik bilan chiqarib yuborayotgan Isroilning agressiv harakatlariga nisbatan samarali qarshilik ko‘rsatishga chaqirdi. Keyinroq Erdo‘g‘an Isroilning harakatlarini “terror“, deb baholadi

Turkiya Prezidentidan so‘ng, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Isroil rasmiylarining Sharqiy Quddusdagi harbiy amaliyotini “qonunbuzarlik” deb atab, ular sodir bo‘lgan voqea uchun falastinliklardan kechirim so‘rashi kerakligini ta’kidladi

Qator musulmon davlatlar umumiy ravishda Isroil xalqaro huquq normlarini buzayotganini aytib, norozilik bildirdi. Ularning orasida Iordaniya, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Misr, Qatar, Bahrayn va BAA bor.

O‘z navbatida, Isroil Bosh vaziri dunyo OAVni voqealar rivojini noto‘g‘ri talqin qilganlikda ayblab, mamlakat politsiyasining zo‘ravonliklarini qo‘llab-quvvatlagan edi.

Bundan tashqari Isroil rasmiylari mojarolar boshlanishi bilan tutingan akasi AQSHdan vaziyatga aralashmaslik va xalqaro bosim o‘tkazmaslikni so‘radi. Vashington esa har ikki tomonni ham vaziyatda aybdor deb, mojaroni tugatishga chaqirdi. Yevropa Ittifoqi e’tiborini falastinliklarning noqonuniy ko‘chirilishiga qaratdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

125

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing