Isroilning orzusi ushalmadi – Xoniya

Olam

image

Isroilning falastinliklarga qarshi urush boshlagan ilk daqiqalaridayoq ko‘ngliga tuggan birorta orzusi ushalmadi. Bu haqda harakat rahbari Ismoil Xoniya "Al-Mayadeen" telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Uning fikricha, sionistlarning urush boshlashidan maqsadi – falastinliklarni yo‘q qilish va asirlarni ozod qilish bo‘lgan.

“Isroil HAMASni yo‘q qilgani yo‘q va bunday bo‘lmaydi ham. Asirlarni ham qaytarib ololmadi. Ularning sharafli kelishuvga erishish uchun xohishi yo‘q”, degan Xoniya.

Shuningdek, Isroil o‘z vatanini himoya qilayotgan g‘azoliklarni hududni tashlab qochishga majburlay olmagan.

HAMAS siyosiy byurosi rahbari sionistlar tomonidan G‘azoda sodir etilgan qirg‘in va jinoyatlar "uning strategik muvaffaqiyatsizligini" ko‘rsatishini ta’kidlagan.

"Biz o‘z shartlarimizga sodiq qolamiz va falastinliklar zarariga ishlaydigan har qanday sulhga ko‘nmaymiz. Isroil tomonidan o‘g‘illarimdan tortib nabiralarimgacha o‘ldirildi. Lekin bu mening xalqimga xiyonat qilishimga sabab bo‘lmaydi", deya qo‘shimcha qilgan u.

Xoniyaning ta’kidlashicha, HAMAS talablari orasida G‘azo sektorini qayta qurish, sektorning qamal qilinishini to‘xtatish va mahbuslar almashinuvi bo‘yicha jiddiy kelishuv ham bor.

Shuningdek, Isroilning butun “arab va musulmon mintaqasi” uchun xavf tug‘dirayotgani haqida ogohlantirgan harakat rahbari ularni G‘azodagi genotsidga nisbatan pozitsiyasini o‘zgartirishga chaqirgan.

Ma’lumot uchun, Isroilning G‘azoga hujumi boshlanganidan beri 33 634 falastinlik halok bo‘lgan va 76 214 ga yaqin kishi jarohatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing