Isroilning G‘azoga hujumida 4 yashar bola halok bo‘ldi
Olam
−
10:14 280 2 daqiqa
Isroil armiyasining kecha, 23 avgust kuni G‘azo sektoriga bergan ikki havo zarbasi oqibatida kamida 2 kishi, jumladan, 4 yoshli bola halok bo‘ldi, yana 7 kishi jarohatlandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, zarbalardan biri G‘azo markazidagi Zavayda shahrida joylashgan binoga berilgan. Mahalliy aholiga ko‘ra, hujumdan oldin Isroil armiyasi bino egalarini hududni tark etish haqida ogohlantirgan. Zarba oqibatida sochilgan beton va metall bo‘laklari kamida 6 kishini jarohatlagan, ular orasida 4 yoshli Muhammad Abdul-Salom Toxa ham bo‘lgan. U shifoxonada vafot etgan.
Ma’lum qilinishicha, ikkinchi zarba Nusayrat qochqinlar lageriga berilgan. Isroil armiyasi hujumlar bo‘yicha tekshiruv olib borayotganini bildirgan. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu idorasi esa G‘azodan Isroil tomon dronlar, sharlar va qog‘oz uchirmalar uchirilgani sababli zarbalar kuchaytirilishi mumkinligini ma’lum qilgan.
2025 yil oktyabrda AQSH vositachiligida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi asosiy janglarni to‘xtatgan bo‘lsa-da, Isroilning G‘azoga zarbalari davom etmoqda. G‘azo sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotiga ko‘ra, kelishuv kuchga kirganidan beri hududda 1 280 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, Isroil armiyasi esa 4 nafar harbiyi halok bo‘lganini bildirgan.
G‘arbiy sohilda ham vaziyat keskinligicha qolmoqda. Jerixo yaqinida isroillik erkak pichoqlangan va jarohatlangan, Nablus yaqinidagi Askar qochqinlar lageriga reyd vaqtida esa Isroil kuchlari 14 yoshli falastinlik Islom Ajjuriyni otib o‘ldirgani xabar qilingan. Isroil armiyasi ushbu holatni o‘rganayotganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Mudofaa armiyasi (SAXAL) 2024 yilning yanvarida G‘azo sektorida harbiylar besh yashar Hind Rajab va uning oilasining 6 nafar a’zosi bo‘lgan avtomobilga qarata o‘t ochganini rasman tan olgandi.
Live
Barchasi