Isroilni qo‘llayotgan AQSH Ukrainani ham quruq qoldirmadi

Olam

image

AQSH Mudofaa vazirligi Ukrainaga umumiy qiymati 425 million dollar bo‘lgan navbatdagi harbiy yordam paketini taqdim etadi. Bu haqda Pentagon saytida ma’lum qilindi.

Bu Ukrainaning jang maydonidagi zudlik bilan ehtiyojlarini qondirish uchun 125 million dollargacha bo‘lgan Pentagon zaxiralarini, shuningdek, Ukrainaning havo mudofaasini uzoq muddatga mustahkamlash uchun 300 million dollarlik Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusi (USAI) mablag‘larini o‘z ichiga oladi.

Yangi paketga  NASAMS zenit-raketa tizimlari va HIMARS  ko‘p uchiruvchi raketa tizimlari uchun qo‘shimcha o‘q-dorilar, 105 mm va 155 mm artilleriya snaryadlari, TOW tankga qarshi raketalari, Claymore piyodalarga qarshi minalar, 3 milliondan ortiq o‘q-dorilar, granatalar, shuningdek, og‘ir texnikani tashish uchun 12 ta yuk mashinasi kiradi.

Bundan tashqari, Ukraina uchuvchisiz uchish apparatlarga qarshi kurashish uchun qo‘shimcha lazer yordamida boshqariladigan o‘q-dorilarni oladi. Pentagon AQSHning Ukrainaga yordamini “aqlli sarmoya” deb atagan.

“Ukraina xavfsizligiga yordam berish bizning milliy xavfsizligimiz uchun oqilona sarmoyadir. Bu bizning mudofaa sanoat bazamizni mustahkamlash va Amerika xalqi uchun yuqori malakali ish o‘rinlarini yaratish bilan birga, mintaqada kattaroq mojarolarning oldini olishga yordam beradi va boshqa joylarda potensial tajovuzning oldini oladi", deyiladi Pentagon bayonotida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH Prezident Jo Bayden boshqaruvi boshlanganidan beri Ukrainaga xavfsizlikni ta’minlash uchun 44,8 milliard dollardan ko‘proq yordam ko‘rsatdi. Shu jumladan, 2022 yil 24 fevralda Rossiyaning keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri 44,2 milliard dollar yordam berilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Kongressi Vakillar palatasi respublikachilarning Isroilga 14,3 milliard dollarlik yordam ko‘rsatish rejasini ma’qullagandi. Unda Ukrainaga yordam ko‘rsatilmagandi.

Shuningdek, “Politico” nashri Ukraina rasmiylari Rossiya yaqin kelajakda jang maydonida hech qanday muvaffaqiyatga erisha olmasligi uchun Qo‘shma Shtatlardan ko‘proq qurol yetkazib berishni “yolvorayotganini” yozgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh harbiy yordam Ukraina]

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made