“Isroil yonmoqda”. 25 haftadan beri norozilik namoyishlari davom etmoqda 

Olam

image

Isroilda 25 haftadan beri hukumat rejalashtirayotgan sud-huquq islohotiga qarshi namoyishlar davom etmoqda. Kecha, 24 iyun kuni o‘n minglab namoyishchilar “Isroil yonmoqda” shiorlari yozilgan bannerlarni ko‘tarib, Tel-Aviv markazidan yana yurish qildi. Bu haqda AFP agentligi xabar berdi.

Aytilishicha, Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu 18 iyun kuni bahsli sud-huquq islohotini amalga oshirish uchun “amaliy qadamlar”ga o‘tishga va’da bergan. Shu bilan birga u sobiq bosh vazir Yair Lapid va sobiq mudofaa vaziri Beni Gans vakili bo‘lgan muxolifatni Isroil Prezidenti Isxak Gersog vositachiligidagi muzokaralarni cho‘zayotganlikda ayblagan.

Netanyaxu islohot “sud tizimini o‘zgartirish bo‘yicha olgan mandatiga” muvofiq amalga oshirilishini aytib, uning Likud partiyasi 2022 yil noyabrida bo‘lib o‘tgan Knessetga (Isroil parlamenti) navbatdan tashqari saylovlarda g‘alaba qozonganini eslatib o‘tgan. Ayni paytda, Yair Lapid bu qaror "iqtisodga halokatli zarba beradi, xavfsizlikni xavf ostiga qo‘yadi va Isroil xalqini parchalaydi" deb ogohlantirgan.

Netanyaxuning muxolifat bilan muzokaralari murosaga olib kelmagan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 20 fevral kuni Isroil parlamenti sud-huquq islohoti to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qullagan. Mart oyida Netanyaxu davom etayotgan norozilik namoyishlari va e’lon qilingan "Milliy falaj haftasi" ish tashlashi fonida qonun loyihasining ikkinchi va uchinchi o‘qishini kechiktirishga rozi bo‘lgan va muxolifat bilan muzokaraga kirishgan.

Biroq so‘nggi bir necha oy davomida bu muzokaralar murosaga olib kelmagan. 14 iyun kuni muxolifat vakillari faqat sudyalarni tanlash qo‘mitasi tarkibi aniqlangach, muhokamalarni davom ettirishlarini ma’lum qilgan. Ekspertlar esa sudyalarning tayinlanishi o‘ng qanot diniy-konservativ hukumat tomonidan ilgari surilayotgan islohotlarning asosiy masalasi, deb hisoblaydi.

Tanqidchilarning aytishicha, Netanyaxu koalitsiyasi siyosatga haddan tashqari aralashishda ayblayotgan mamlakat Oliy sudi vakolatlarini ataylab zaiflashtirishni maqsad qilgan. Hukumatga sudyalarni tayinlashda ko‘proq vakolat berilishi, parlament esa Oliy sud qarorlarini oddiy ko‘pchilik ovoz bilan bekor qilishi kerak. Tashabbus muxoliflari bu chorani Isroil demokratiyasi uchun xavfli deb hisoblab, milliy inqiroz haqida ogohlantirmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

namoyish Isroil Netan'yaxu Tel'-Aviv

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing