Isroil va HAMAS urush jinoyatlarida aybdor – BMT

Olam

image

BMTning inson huquqlari bo‘yicha mustaqil xalqaro komissiyasi Isroil va bir qancha Falastin guruhlarini urush jinoyatlarida aybladi. Bu haqda bugun, 12 iyun kuni taqdim etilgan komissiya hisobotida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, Isroil insoniyatga qarshi jinoyatlarni, falastinliklarni yo‘q qilish, o‘ldirish, jinsiy ta’qib qilish, majburan ko‘chirish, qiynoqlar va g‘ayriinsoniy va shafqatsiz muomala qilgan.

Komissiya, shuningdek, HAMASning 7 oktyabr kuni qilgan harakatlari va Isroilga qarshi davom etayotgan raketa hujumlari ham urush jinoyati sifatida baholanganiga diqqat qaratdi. Hujjatda HAMAS raketa hujumlarini zudlik bilan to‘xtatib, barcha garovga olinganlarni ozod qilishga chaqiriladi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, G‘azoda tinch aholining "katta" qurbonlari va fuqarolik ob’ektlari va infratuzilmalarining keng miqyosda vayron bo‘lishi Isroilning farqlash, mutanosiblik va ehtiyotkorlik tamoyillarini e’tiborsiz qoldirib, maksimal zarar yetkazish niyatida amalga oshirgan strategiyasining muqarrar natijasidir. 

Komissiya raisi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha sobiq Oliy komissari Navi Pilleyning aytishicha, Isroil zudlik bilan o‘z jangovar harakatlarini to‘xtatishi, HAMAS esa Isroil hududiga raketa otishni bas qilishi kerak.

Hujjat mualliflariga ko‘ra, Tel-Aviv komissiyaning tekshiruvlari va jangovar hududga kirishiga to‘sqinlik qilgan. BMT matbuot xizmati ushbu hisobot 19 iyun kuni Jenevada bo‘lib o‘tadigan BMT Inson huquqlari kengashining 56-sessiyasida davlatlarga taqdim etilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil armiyasini mojaro sharoitidagi bolalarga nisbatan qoidabuzarlar ro‘yxatiga kiritgandi. Buning ortidan Isroil BMTga qarshi bir qator cheklovlar joriy qilishi mumkinligi xabar qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Isroil HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing