Isroil va HAMAS nimalarga kelishib oldi?
Olam
−
09 Oktabr 7882 2 daqiqa
Isroil va HAMAS o‘rtasidagi birinchi bosqich kelishuvining tafsilotlari ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Ynet” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL) kuchlarini kelishilgan chiziqlargacha olib chiqqach, G‘azo sektorining 53 foiz hududini nazorat qilishda davom etadi. Bu ko‘rsatkich AQSH Prezidenti Donald Trampning tinchlik rejasi doirasidagi “sariq chiziq”dan 4 foizga kam bo‘lib, “sariq chiziq” garovdagilar ozod qilingach, qo‘shinlarni bosqichma-bosqich olib chiqishni nazarda tutadi.
“Sky News Arabia” xabariga ko‘ra, Sharm al-Shayxdagi muzokaralarga yaqin bo‘lgan misrlik manba Isroil va HAMAS o‘rtasida to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha tuzilgan kelishuv quyidagilarni o‘z ichiga olishini bildirgan:
- Isroil qo‘shinlari G‘azoning 70 foiz hududidan bosqichma-bosqich chiqib ketishi;
- garovdagilar va qamoqda bo‘lgan shaxslarni bir vaqtda ozod etish.
Avvalroq, “The Jerusalem Post” nashri Isroil armiyasi G‘azo shahrining yarmidan ko‘p qismida amaliy nazoratni o‘rnatgani va bu hududdan 1 million aholining 800 mingdan ortig‘i evakuatsiya qilingani haqida yozgandi.
Shuningdek, kelishuv doirasida tirik isroillik garovdagilarni ozod qilish, 2000 dan ortiq falastinlik mahbuslarni ozod qilish ham ko‘zda tutilgan.
AQSH rahbari Donald Tramp “Fox News” efirida garovdagilarni 13 oktyabr kuni ozod qilish rejalashtirilayotganini aytgan.
“Ular kelishuvni ma’qullagan zahoti Isroil o‘z qo‘shinlarini belgilangan chiziqqacha olib chiqishi kerak bo‘ladi. Bu 24 soatdan kamroq vaqt oladi. Shundan so‘ng, 72 soatlik muddat boshlanadi va HAMAS imkon qadar bunga erta erishishga harakat qiladi”, degan amerikalik rasmiylaridan biri.
Shu bilan birga, Isroil armiyasi harbiylarga “har qanday ssenariyga tayyor bo‘lish” haqida ogohlantirish bergan. SAXAL falastinliklarni G‘azoga qaytmaslikka chaqirib, bu hududga qaytish “nihoyatda xavfli” ekanini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Isroil va HAMAS o‘rtasida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imzolanganini e’lon qilgandi. Rejaga ko‘ra, xalqaro tuzilmalar – BMT va Qizil Xoch qo‘mitasi nazorati ostida gumanitar tashkilotlarning G‘azo sektoriga kirish imkoniyati kengaytiriladi. Kelishuvga erishilganini HAMAS va Isroil vakillari ham rasman tasdiqlagan.
Live
Barchasi