Isroil O‘zbekistonga yangi elchi tayinladi
Jamiyat
−
27 avgust
4572Gideon Lustig Isroilning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlandi. Bu haqda yahudiy davlatining Toshkentdagi elchixonasi ma’lum qildi.
Bunga qadar Fransiyadagi elchixonada faoliyat olib borgan Lustig O‘zbekiston bilan bir qatorda Tojikistonda ham diplomatik missiyasini bajaradi. U O‘zbekistondagi dastlabki faoliyatini mamlakatdagi yahudiy jamoalar rahbarlari bilan uchrashishdan boshladi.
“Toshkentdagi birinchi haftamdagi ustuvor vazifalardan biri mahalliy yahudiy jamoalari rahbarlari bilan uchrashish edi. Vladimir Shapira va Arkadiy Isaxarovga iliq qabul uchun minnatdorchilik bildiraman. Yahudiy jamoalari men uchun har doim uydan tashqari uydir”, degan elchi.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yildan beri O‘zbekistonda elchi bo‘lib faoliyat yuritgan Zeavit Ben-Hillel o‘z missiyasini joriy yilning iyul oyi o‘rtalarida yakunlagan edi.