Isroil taqiqidan so‘ng Guterrish Eron hujumini qoraladi
Olam
−
03 Oktabr
7597Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida Eronning Isroilga qarshi hujumini qoraladi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Avvalroq Isroil BMT Bosh kotibini "persona non grata" deb e’lon qilgandi va unga mamlakatga kirishni taqiqlagandi. “The Jerusalem Post” nashrining yozishicha, Isroil rasmiylari Guterrishning Eronning raketa hujumini “shak-shubhasiz qoralay olmagani”ni hisobga olib, shunday qarorga kelgan. Shundan so‘ng Guterrish Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishidagi o‘z nutqida Eron nohaq ekanligini aytgan.
“Apreldagi Eron hujumida bo‘lgani kabi, men kecha Eronning Isroilga uyushtirgan yirik raketa hujumini yana keskin qoralayman”, dedi u BMT Xavfsizlik Kengashining Yaqin Sharq bo‘yicha yig‘ilishida.
Qayd etish joiz, 1 oktyabr kuni kechqurun Eron HAMAS, “Hizbulloh” va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi yetakchilarining o‘ldirilishiga javoban Isroilga yirik raketa hujumi uyushtirdi. Tehronning aytishicha, raketalarning 90 foizi mo‘ljallangan nishonlarni muvaffaqiyatli urgan, Isroil esa Eron 180 ga yaqin raketa uchirgani va ularning aksariyati tutib olinganini da’vo qilmoqda.
"Hujum Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlash yoki ularning azob-uqubatlarini kamaytirish uchun hech narsa qilmadi", degan BMT Bosh kotibi
23 sentyabr kuni Isroil “Hizbulloh” harakati tuzilmalariga qarshi “Shimolning o‘qlari” operatsiyasini boshlab yubordi va bu operatsiya davomida harakatning harbiy nishonlariga keng ko‘lamli havo hujumlarini amalga oshirdi. 27 sentyabr kuni berilgan zarbalardan biri oqibatida “Hizbulloh” yetakchisi Hasan Nasrulloh halok bo‘ldi.
“Hizbulloh” harakati uning o‘limini tasdiqladi va Isroilga qarshi turishni davom ettirishga va’da berdi. Isroil armiyasi esa Livan janubidagi chegara hududlarida cheklangan quruqlikdagi operatsiyani e’lon qildi.
Isroil hujumidan keyingi ilk izohlarida Guterrish Eron yoki Isroilni tilga olmay, Yaqin Sharq mojarosining kengayishini qoralagandi.
Eslatib o‘tamiz, yaqindagina Isroil Tashqi ishlar vaziri Isroil Kats BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishni "persona non grata" deb e’lon qilgandi.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi