Isroil ochlik avj olgan G‘azodagi suv quvurlarini ta’mirlamoqda
Olam
−
22 avgust 2025 6939 2 daqiqa
Isroil G‘azo shahriga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rish bilan birgalikda Janubiy G‘azo sektoridagi ikki suv quvurini ta’mirlashni boshladi. Bu haqda “Israyel National News” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu qadam hokimiyatning roziligi bilan amalga oshirilmoqda. Siyosiy rahbariyat tomonidan tasdiqlangan loyiha doirasida yangi liniyalar Bani Suheila va Birkat Sayid orqali o‘tib, Janubiy G‘azodagi suv ta’minotini oshiradi. Ular yaqinda BAA tomonidan Misrda qurilgan suv quvurini to‘ldiradi. Hozirgacha hudud aholisi asosan quduqlar va Isroil elektr energiyasi bilan ishlaydigan sho‘r suvni chuchuklashtirish inshooti orqali suv olgan.
Bu infratuzilma Isroil tomonidan olib borilayotgan G‘azodagi operatsiyasining birinchi bosqichi doirasida qurilmoqda. Rejaga ko‘ra, 800 mingdan ortiq g‘azoliklar janubiy sektordagi gumanitar hududlarga evakuatsiya qilinadi.
Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, yangi suv quvurlari taxminan uch haftada ishga tushadi. Agar asirlar masalasida siljish bo‘lmasa, shundan so‘ng aholining keng ko‘lamli evakuatsiyasi boshlanishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Isroilning qariyb ikki yildan buyon davom etayotgan harbiy amaliyotlari oqibatida G‘azo sektorida shu kunga qadar 62 ming 120 dan ortiq falastinlik halok bo‘ldi.
Hududda ochlikdan o‘limlar soni tobora ortib bormoqda, eng ko‘p talafot bolalar orasida kuzatilmoqda. Mintaqaviy va xalqaro manbalar Isroilni “ochlik va chanqoqlikni qurol sifatida qo‘llayotganlikda” ayblamoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 avgust kuni Isroil armiyasi (SAXAL) G‘azo shahriga bostirib kirishni boshlaganini e’lon qilgandi. Isroil armiyasining rasmiy vakili, brigada generali Effi Defringa ko‘ra, armiya kuchlari allaqachon G‘azo shahrining chekka hududlarini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, u shu hafta isroilliklarga harbiy xizmatga chaqiruv bo‘yicha qariyb 60 mingta, shu oyning oxirida esa yana 20 mingta xat yuborilishini tasdiqlagan.
Live
Barchasi