Isroil G‘azo shahriga bostirib kirishni boshladi
Olam
−
21 avgust 8285 2 daqiqa
Kecha, 20 avgust kuni Isroil armiyasi (SAXAL) G‘azo shahriga bostirib kirishni boshlaganini e’lon qildi. Bu haqda “The Jerusalem Post” xabar berdi.
Isroil armiyasining rasmiy vakili, brigada generali Effi Defringa ko‘ra, armiya kuchlari allaqachon G‘azo shahrining chekka hududlarini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, u shu hafta isroilliklarga harbiy xizmatga chaqiruv bo‘yicha qariyb 60 mingta, shu oyning oxirida esa yana 20 mingta xat yuborilishini tasdiqlagan.
Defrinning aytishicha, Isroil armiyasi G‘azoning tinch aholisining xavfsiz evakuatsiyasi, gumanitar va tibbiy yordam olishi uchun yetarli sharoit yaratish ustida ishlamoqda. Operatsiyaga “Gideon aravalari 2” nomi berilgan.
Ma’lumot uchun, bungacha ommaviy axborot vositalarida HAMASning garovdagilar aks etgan videosidan so‘ng Isroil butun G‘azo sektorini bosib olish masalasini muhokama qilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Videoda erkaklardan biri ovqatsiz qolganini, tik tura olmayotganini va “o‘lim yoqasida” ekanini aytadi. Isroil HAMASni garovdagilarni och qoldirishda aybladi, biroq guruh bu da’volarni rad etib, garovdagilar askarlar va ochlikdan aziyat chekayotgan g‘azoliklar bilan bir xil taom yeyishini bildirdi.
BBC’ning yozishicha, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi hukumat G‘azo sektorining to‘liq okkupatsiyasi va garovdagilarni harbiy yo‘l bilan ozod qilish rejalarini ko‘rib chiqmoqda. Isroil hukumati operatsiya qachon boshlanishini e’lon qilmagan, biroq mahalliy matbuot armiyaning darhol shaharga yurishi kutilmasligini, avvalo, tinch aholining evakuatsiya qilinishi kerakligini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, Netanyaxu Isroilning boshqa yo‘li qolmaganini, maqsad – HAMASni butkul tor-mor qilish uchun G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarni kengaytirish zarur ekanini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats G‘azo shahrini egallash bo‘yicha operatsiyani tasdiqlagani xabar qilingandi.
Live
Barchasi