Isroil qamali tufayli 290 mingga yaqin G‘azo bolalari o‘lim yoqasida (foto)
Olam
−
05 may 4693 2 daqiqa
Isroilning qamali tufayli G‘azoda besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning 290 mingga yaqini o‘lim yoqasida qolmoqda. Bu haqda G‘azo hukumatining ommaviy axborot vositalari idorasiga tayanib, “Al Jazeera” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, besh yoshgacha bo‘lgan 3500 dan ortiq bola yaqin orada ochlik sababli vafot etishi mumkin. Qolaversa, Isroilning ikki oydan ortiq davom etgan umumiy blokadasi sharoitida 70 mingga yaqin bola to‘yib ovqatlanmaslik tufayli anklavda shifoxonaga yotqizilgan.

“Ushbu tizimli blokada ostida besh yoshgacha bo‘lgan 3,5 mingdan ortiq bola ochlikdan vafot etishi mumkin, 290 mingga yaqin bola esa o‘lim yoqasida turibdi”, deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, Isroil ochlikdan qurol sifatida foydalanayotgan bir paytda har kuni 1,1 million bolani minimal oziq-ovqat bilan ta’minlashning iloji yo‘q. Xalqaro hamjamiyat esa ushbu ishlarga sukut saqlashda davom etmoqda.

Bildirilishicha, kamida 57 nafar falastinlik ochlikdan halok bo‘lgan.
“Bu butun dunyo g‘azabini keltirib chiqardi, ammo bu Isroilni 2,3 million kishilik anklavga yordam kirishiga ko‘ndira olmadi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, yaqin orada davolash va oldini olish uchun zarur bo‘lgan vositalar tugab qoladi va bu yana o‘lim sonini ko‘paytirib yuborishi mumkin.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ta’kidlashicha, aholining 80 foizdan ortig‘i yordamga muhtoj bo‘lgan G‘azoda hali ham mavjud bo‘lgan oz miqdordagi oziq-ovqat ko‘pchilik uchun yetarli emas.
Yordam guruhlari va huquq himoyachilari Isroilni ochlikdan urush quroli sifatida foydalanishda ayblagan.

Isroil, o‘z navbatida, qamalni HAMASga u hali ham ushlab turgan asirlarni ozod qilish uchun bosim o‘tkazish uchun zarurligini ta’kidlagan. G‘azoda qolgan 59 asirning 24 nafari tirik ekani taxmin qilinmoqda.
Ma’lumot uchun, joriy yil yanvar oyida Isroil va HAMAS Misr, Qatar hamda AQSH vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzolagan edi. Biroq Isroil 18 mart kuni G‘azo sektoriga zarbalar berishni qayta boshladi. Ushbu qaror HAMAS Isroil asirlarini ozod qilishdan bir necha bor bosh tortgani va barcha takliflarni rad etgani sababli qabul qilingani bilan izohlandi. Qolaversa, shu kunga qadar Isroilning G‘azoga qarshi urushi oqibatida kamida 52 495 falastinlik halok bo‘ldi, 118 366 nafari yaralandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘azo markazidagi Nuseyrat qochqinlar lagerida yashagan 11 oylik falastinlik chaqaloq to‘yib ovqatlanmaslik va zarur dori-darmonlar yetishmasligi oqibatida vafot etgani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr