Isroil G‘azoga elektr yetkazib berishni to‘xtatdi
Olam
−
10 mart 2025 1954 2 daqiqa
Gumanitar yordam yetkazib berish to‘xtatilganidan so‘ng Isroil G‘azo sektoriga elektr energiyasi yetkazib berishni ham to‘xtatdi. Bu haqda kecha, 9 mart kuni Isroil Energetika vaziri Eli Koen ma’lum qildi.
“Biz barcha garovga olinganlarni qaytarish va HAMAS G‘azo sektorida endi yo‘qligini ta’minlash uchun qo‘limizdan kelgan barcha imkoniyatlardan foydalanamiz”, deydi Koen.
O‘z navbatida, HAMAS vakili Isroil hukumatini o‘t ochishni to‘xtatishning ikkinchi bosqichi bo‘yicha muzokaralar fonida “arzon va qabul qilib bo‘lmaydigan shantaj taktikasi”da aybladi.
HAMAS va Isroil o‘rtasida xalqaro vositachilar ko‘magida tuzilgan kelishuvning 1 mart kuni yakuniga yetgan birinchi bosqichida HAMAS garovga olingan 33 kishini Isroilga topshirgan, ulardan sakkiz nafari halok bo‘lgan. Buning evaziga Isroil qamoqxonalaridan 1800 ga yaqin falastinlik mahbuslar ozod qilingan.
Isroil ikkinchi bosqichni “G‘azo sektorini to‘liq qurolsizlantirish” va garovga olingan qolgan 58 kishini (ulardan 34 nafarini Isroil Mudofaa kuchlari o‘lik deb e’lon qilgan) topshirish sharti sifatida qo‘ydi.
O‘z navbatida, HAMAS Isroilni G‘azo sektoridan to‘liq olib chiqib ketishni, qirg‘oqbo‘yi “blokadasi”ni to‘xtatishni, uni qayta tiklashni va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni talab qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada “The Wall Street Journal” manbalariga tayanib, Isroil hukumati HAMAS harakati bilan mojaroni kuchaytirish va G‘azo sektorida garovda saqlanayotgan shaxslarni qaytarish maqsadida unga bosim o‘tkazish rejasini ishlab chiqayotganini xabar qilgandi.
Live
Barchasi