Isroil G‘azoga 45 falastinlikning jasadini topshirdi
Olam
−
16 Oktabr 2025 1806 1 daqiqa
Isroil G‘azo ma’muriyatiga 45 nafar falastinlikning jasadini topshirdi. Bu haqda G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib, “Anadolu” agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, tomonlar o‘rtasida shartnoma imzolanganidan beri G‘azo tomoni jami 90 kishining jasadini olgan. Biroq ularning Isroil qamoqxonalarida vafot etgan-mi yoki harbiy operatsiyalar chog‘ida Isroil armiyasi (SAXAL) tomonidan G‘azodan olib chiqilgan-mi – bu haqda aniq ma’lumot berilmagan.
“Shifokorlar tasdiqlangan protokollarga muvofiq, jasadlar ustida ishlashni davom ettirmoqda, sud-tibbiy ekspertizalar o‘tkazilmoqda, hujjatlar rasmiylashtirilmoqda va jasadlar oilalarga topshirishga tayyorlanmoqda”, deyiladi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotida.
Tomonlar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, Isroil har bir qaytarilgan isroillik jasadi uchun 15 nafar falastinlikning jasadini topshirishi kerak edi. XAMAS bir kun avval to‘rt kishining jasadini topshirgan. Falastin tomoni ayrim jasadlarning dafn joylari noma’lum bo‘lgani sababli jarayon biroz cho‘zilishi mumkinligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, bungacha Misrda o‘tkazilgan sammitda AQSH, Misr, Turkiya prezidentlari hamda Qatar amiri, Isroil va XAMAS o‘rtasidagi urushni to‘xtatish bo‘yicha bitimni imzolagan edi.
Sentyabr oyi oxirida AQSH mojaroni tugatish bo‘yicha 21 banddan iborat rejani taqdim etgan bo‘lib, unda asirlar almashinuvi va G‘azada fuqarolik infratuzilmasini bosqichma-bosqich tiklash masalalari ham kiritilgan.
Live
Barchasi