Isroil G‘azoda quruqlikdagi yangi harbiy operatsiyani boshladi

Olam

image

Isroil G‘azo sektorining markazi va janubida quruqlikdagi harbiy operatsiyalarni boshladi. Bu haqda mamlakat qurolli kuchlari matbuot xizmati o‘zining Telegram-kanalida xabar berdi. 

Armiyaning asosiy vazifalari sifatida “xavfsizlik hududini kengaytirish” va “eksklavning shimoli va janubida qisman bufer zonasini yaratish” qayd etilgan.

Bundan tashqari, armiya “Golan” brigadasini Isroil janubiga joylashtirishga qaror qilgan. Harbiylar “G‘azo sektoridagi operatsiyalar uchun to‘liq jangovar tayyorgarlik holatida” qolishi ma’lum qilingan.

Keyinchalik harbiy idora butun G‘azo bo‘ylab “keng ko‘lamli zarbalar” amalga oshirilgani haqida axborot berdi. Xususan, zarbalar HAMAS harakati infratuzilmasiga qaratilgani aytildi. “Al Jazeera” nashrining ma’lumotiga ko‘ra, kecha, 19 mart kuni Isroil hujumi oqibatida G‘azo bo‘ylab 70 nafar falastinlik halok bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil yanvar oyida Isroil va HAMAS Misr, Qatar hamda AQSH vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzolagan edi. Biroq Isroil 18 mart kuni G‘azo sektoriga zarbalar berishni qayta boshladi. Ushbu qaror HAMAS Isroil asirlarini ozod qilishdan bir necha bor bosh tortgani va barcha takliflarni rad etgani sababli qabul qilingani bilan izohlandi.

“Al Jazeera” Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga tayanib, Isroil armiyasining qayta boshlagan hujumlari oqibatida kamida 436 kishi, jumladan 183 bola halok bo‘lganini xabar qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil harbiy operatsiya G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing