Isroil-Falastin mojarosida 22 jurnalist halok bo‘ldi

Olam

image

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi keskinlashib borayotgan mojaro 22 jurnalistning o‘limiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, sakkiz nafar ommaviy axborot vositalari xodimi jarohatlangan, uch nafari bedarak yo‘qolgan yoki hibsda.

Qo‘mitaning aniqlik kiritishicha, halok bo‘lganlar 18 nafar falastinlik, uch nafar isroillik va bir nafar livanlik jurnalistlardir.

Unda ta’kidlanishicha, G‘azo sektoridagi jurnalistlar Isroilning quruqlikdagi va havo hujumlari, aloqa uzilishlari va keng tarqalgan elektr ta’minotidagi uzilishlar oldida ayniqsa yuqori xavflarga duch kelishadi.

Eslatib o‘tamiz, Isroilning G‘azo sektoriga 7 oktyabrdan beri davom etayotgan zarbalari oqibatida kamida 4137 kishi halok bo‘ldi, ulardan 1524 nafari bolalar va 1000 nafari ayollardir.

Isroil-Falastin mojarosi

Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi.  Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

jurnalist Isroil-Falastin mojarosi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing