Isroil Eronning “Al-Quds” generalini ham o‘ldirdi – OAV

Olam

image

Bugun, 13 iyun kuni Isroil tomonidan Eronga uyushtirilgan hujum oqibatida “Al-Quds” maxsus bo‘linmasining qo‘mondoni, Islom inqilobi soqchilari korpusi generali Ismoil Qaaniy halok bo‘ldi. Bu haqda eronlik ikki nafar manbaga tayanib, “The New York Times” nashri xabar berdi.

Qaaniy 2020 yil Bag‘dodda AQSH zarbasi oqibatida avvalgi qo‘mondon Qosim Sulaymoniy o‘ldirilganidan so‘ng “Al-Quds” bo‘linmasi boshqaruvini qo‘lga olgan edi. Bungacha u uzoq yillar davomida Sulaymoniyning o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

“Al-Quds” – bu Islom inqilobi soqchilari korpusi tarkibidagi xorijiy maxsus operatsiyalar bo‘linmasi bo‘lib, Yaqin Sharq va boshqa hududlardagi Eron ittifoqchilarining faoliyatini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.

Taxminan 70 yoshli Qaaniy Mashhadda tug‘ilgan, 1980 yillardagi Eron-Iroq urushi hamda Afg‘oniston va Pokistondagi operatsiyalarda ishtirok etgan. U 1997 yildan boshlab Sulaymoniyning o‘rinbosari sifatida xizmat qilgan.

“Reuters” manbalarining ta’kidlashicha, Qaaniy hech qachon Sulaymoniyning obro‘siga ega bo‘lmagan va Eronning arab dunyosidagi ittifoqchilari bilan ham shunchalik yaqin aloqalarni o‘rnatmagan. Lavozimga kelganidan so‘ng, u Amerika qo‘shinlarini Yaqin Sharqdan haydab chiqarishga va’da bergan edi.

“Fox News” nashrining yozishicha, Isroil Eron harbiy qo‘mondonlarini aldov yo‘li bilan bir joyga jamlab, ular ustiga zarba bergan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Eronning “yadroviy dasturiga qarshi” zarba berganini e’lon qilgan edi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning aytishicha, operatsiyaning maqsadi “Eron yadroviy infratuzilmasiga, ballistik raketa ishlab chiqaruvchi zavodlariga va harbiy salohiyatiga zarar yetkazish” bo‘lgan.

Hujum oqibatida Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni general-mayor Husayn Salamiy halok bo‘ldi. IRNA va “Tasnim” axborot agentliklari xabariga ko‘ra, shuningdek, Eron Atom energiyasi tashkilotining sobiq rahbari Fereydun Abbosiy va Islomiy Ozod universiteti prezidenti Muhammad Mehdi Tehronchiy ham vafot etgan.

Eronning davlat IRIB telekanali ham Natanzdagi yadroviy dastur uchun muhim bo‘lgan ob’ektlarda bir nechta portlashlar sodir bo‘lganini xabar qildi.

Eron hukumati esa Isroil tomonidan o‘z hududiga uyushtirilgan, tinch aholi, jumladan, olimlar va harbiylar halok bo‘lgan zarbalariga qattiq javob berishini ma’lum qildi.

O‘zbekistonning Eron va Isroildagi elchixonalari ushbu mamlakatlardagi fuqarolarga ogohlantirish bilan chiqib, qat’iy ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirdi. 

Shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham fuqarolarga tegishli murojaat bilan chiqdi.

Oradan biroz vaqt o‘tib esa, Isroil Eronga qarshi navbatdagi hujumlarini ham boshladi. U Eron shimoli-g‘arbiga yangi va keng ko‘lamli zarbalar berdi. Ushbu hujumlar dronlar yordamida amalga oshirilgan. Tabriz aeroporti yaqinidagi temiryo‘l inshootlariga zarar yetgan, bu hududda havo mudofaa bazalari joylashgan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil Al-Quds Ismoil Qaaniy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing