Isroil Eron harbiy ob’ektlariga zarba berdi (video)

Olam

image

Bugun, 26 oktyabr sahar soatlarida Isroil mudofaa kuchlari Eronga havo hujumi yo‘lladi. Bu haqda Isroil armiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Isroil Eronga tungi hujum paytida 100 dan ortiq raketa uchirgan. Fors mamlakatidagi harbiy ob’ektlarga berilgan zarbalar Eronning Isroilga “bir necha oy davom etgan tajovuzlariga javob” ekani bildirilgan. 

Hujum bevosita Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Mudofaa vaziri Yoav Galant nazorati ostida o‘tgan.

“The Jerusalem Post” gazetasiga ko‘ra, Isroil Eron havo hujumidan mudofaa tizimlarini “ko‘r qilish” uchun Suriyadagi radarlarga dastlabki zarbalar bergan.

Oq uy Isroil o‘zini himoya qilish maqsadida Erondagi harbiy ob’ektlarga zarba berayotganini bildirdi va bu hujumlarda AQSHning qo‘li yo‘qligini iddao qildi.

“Sky News Arabia” nashri esa Rossiya Isroil hujumidan bir necha soat oldin Eronni xabardor qilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Rossiya Eronga  razvedka ma’lumotlarini taqdim etgan va shu yo‘l bilan vaziyatning keskinlashuvini kamaytirishga harakat qilgan.

Mahalliy fors matbuotining yozishicha, raketalarning aksariyati poytaxtdan 20-60 km uzoqlikda havo hujumidan mudofaa vositalari tomonidan tutib olingan. Tehron osmonida tinimsiz havo hujumidan mudofaa tizimi ishga tushgan. Isroil yadroviy inshootlar yoki neft infratuzilmasiga emas, faqat Erondagi harbiy nishonlarga zarba bergan.

Iroq Transport vazirligi mamlakatning barcha aeroportlarida parvozlarni to‘xtatgan. Eron ham havo hududini yopib, keyingi ogohlantirishgacha barcha reyslarni bekor qilganini e’lon qilgan.

Yo‘naltirilgan zarbalar oqibatida jarohatlangan yoki halok bo‘lganlar haqida ma’lumot mavjud emas. Eron tez orada yahudiy davlatiga mutanosib javob berishga tayyorligini ma’lum qildi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron armiyasiga Isroil bilan urushga tayyorgarlik ko‘rish buyurilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil hujum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing