Isroil elchisiga nisbatan tajovuzkorona izoh yozgan fuqaro qamaldi
3-sahifa
−
25 iyul
14833Isroilning O‘zbekistondagi elchisiga nisbatan tajovuzkorona izoh yozgan fuqaro qamaldi. Bu haqdagi tegishli ma’lumot Oliy sud portalida keltirilgan.
Qayd etilishicha, Telegram-kanallaridan birida 36 yoshli fuqaro R.A. Isroilning O‘zbekistondagi elchisi o‘z missiyasini yakunlagani haqida e’lon qilingan post izohiga elchiga nisbatan tajovuzkorona izoh yozgan. Fuqaro R.A. mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tuman IIO FMB binosiga taklif qilinganida u IIB xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan jamoat joyi hisoblanadigan IIO FMB binosiga kirish ko‘chasida baqir-chaqir qilib, har xil uyatsiz so‘zlar bilan so‘kinib, jamoat tartibi va fuqarolar osoyishtaligini buzgan.
“Sud huquqbuzar R.A.ning mazkur huquqbuzarlikni sodir qilganligi, uning o‘z qilmishiga iqrorlik bildirib bergan ko‘rsatuvidan tashqari, IIO xodimining bildirgisi, guvohlarning tushuntirish xati, ish materiallaridagi dalolatnoma, sud majlisi jarayonida aniqlangan holatlar hamda ish materiallarida mavjud bo‘lgan boshqa dalillar bilan ham to‘liq tasdiqlangan, deb hisoblagan”, deyiladi xabarda.
Sud qarori bilan huquqbuzar R.A. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (IIO xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Isroilning O‘zbekistondagi elchisi Zeavit Ben-Hillel o‘z missiyasini yakunlayotgani xabar qilingandi.