Isroil Bosh vaziri o‘zgardi

Olam

image

Isroil Bosh vaziri lavozimini tark etayotgan Naftali Benet o‘z vakolatlarini Tashqi ishlar vaziri Yair Lapidga topshirdi. Rasmiy marosim 30 iyun kuni Quddusda Knessetning (parlament) o‘zini-o‘zi tarqatib yuborish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ma’qullanganidan so‘ng bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Isroil hukumati matbuot xizmati ma’lum qildi.

Benet 2021 yil bahor oylarida bo‘lib o‘tgan avvalgi saylovlar natijalariga ko‘ra, tuzilgan koalitsiya kelishuviga muvofiq, Bosh vazirlikni Lapidga topshirdi. Lapid joriy yilning 1 noyabrda bo‘lib o‘tadigan yangi saylovlarga qadar Vazirlar Mahkamasi rahbari lavozimini egallaydi.

Hukumat matbuot xizmatida ta’kidlanishicha, Benet va Lapid “kamtarona vakolatlarni topshirish marosimini o‘tkazdi”, unda ikkala siyosatchining oila a’zolari ishtirok etdi. So‘ngra Benet iste’foga chiqdi va yangi Bosh vazir ishlarni topshirish bo‘yicha “batafsil suhbat” o‘tkazgan, unda, xususan, “Isroil davlatining xavfsizlik va diplomatiya sohasidagi asosiy muammolari muhokama qilindi”, deya qo‘shimcha qildi matbuot xizmati.

Naftali Benet hamkasbiga nasihat qilib, Bosh vazir lavozimi Isroil xalqi xizmatidagi alohida missiya ekanligini ta’kidladi. 

“Men sizga Isroil davlati uchun mas’uliyat yuklayman, unga yaxshi g‘amxo‘rlik qilishingizni xohlayman. Xudo sizni asrasin”, dedi iste’foga chiqqan Bosh vazir.

O‘z navbatida Yair Lapid o‘zidan oldingi rahbarga yaxshi so‘zlari uchun minnatdorlik bildirib, uni “yaxshi inson va ajoyib Bosh vazir”, shuningdek, “yaxshi do‘st” deb bilishini ta’kidladi. 

“Bu xayrlashuv marosimi emas, chunki hech kim ketish niyatida emas”, deydi u.

Parlamentni tarqatish va Bosh vazirni almashtirish

30 iyun kuni Isroil parlamenti ko‘p kunlik muhokamalardan so‘ng o‘z-o‘zini tarqatib yuborish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Shu bilan birga, yangi saylovlar sanasi – 1 noyabr tasdiqlandi. Shundan so‘ng, amaldagi Knesset tarqatib yuborilgan deb hisoblanadi.

Joriy yilning 20 iyun kuni hukmron koalitsiya yetakchilari Benet va Lapid Knessetni tarqatib yuborishga va Vazirlar Mahkamasi rahbari vakolatlarini koalitsiya kelishuviga ko‘ra, keyingi saylovlarga qadar tashqi ishlar vazirligi rahbariga o‘tkazishga kelishib oldilar. 22 iyun kuni parlament o‘z-o‘zini tarqatib yuborish to‘g‘risidagi qonun loyihasini dastlabki o‘qishda yoqlab, ovoz berdi. Hujjat nihoyat shu hafta boshida ma’qullanishi kutilgandi, biroq parlament komissiyasi darajasidagi bahslar bugunga qadar cho‘zildi.

29 iyun kuni Benet keyingi saylovlarda qatnashmasligini va uning “Yamina” partiyasini bo‘lajak saylov kompaniyasida hozirgi Isroil Ichki ishlar vaziri Ayelet Shaked boshqarib borishini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Bosh vazir Isroil

Baholaganlar

117

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing