Isroil BMT agentligini “terrorchi tashkilot” deb e’lon qilmoqchi
Olam
−
23 iyul
4016Isroil parlamenti Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish va ishlar agentligini “terrorchi tashkilot” deb e’lon qilmoqchi. Bu haqda “The Times of Israel” xabar berdi.
Bildirilishicha, Isroil parlamenti UNRWA’ni mamlakatda faoliyatini taqiqlovchi va xodimlarini immunitetidan mahrum qiluvchi uchta qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi.
“The Times of Israel” nashrining yozishicha, UNRWA’ning yahudiy davlatida faoliyatini taqiqlovchi uchta qonun loyihasidan birinchisi 58 ovoz bilan qabul qilingan. Agentlik xodimlarini Isroilda BMT xodimlariga berilgan daxlsizlik va imtiyozlardan mahrum etishga qaratilgan ikkinchisi qo‘llab-quvvatlangan. 63 deputat qonunni ma’qullagan, 9 nafari qarshi chiqqan.
UNRWA’ni Isroilda “terrorchi tashkilot” deb e’lon qilishni va keyin agentlik bilan barcha aloqalarni uzishni talab qiluvchi uchinchi qonun loyihasi 50 deputat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va 10 kishi qarshi chiqdi.
Nashrning qayd etishicha, uchta qonun loyihasi ham ikkinchi va uchinchi o‘qishga tayyorgarlik ko‘rish uchun parlamentning tashqi ishlar va mudofaa qo‘mitasiga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Isroil askarlari G‘azo sektorida BMT karvoniga hujum qilgan va bir mashinaga zarar yetkazgandi.
Azizbek Eshmamatov
LiveBarchasi