Isroil Bayrut janubiga besh marta havo hujumi uyushtirdi
Olam
−
23 Oktabr
1818Isroil oxirgi kunlarda hujumlarini kuchaytirgan Livan poytaxti Bayrutga yana besh marta havo hujumi uyushtirdi. Bu haqda Livanning rasmiy axborot agentligi NNA xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bahman shifoxonasi ro‘parasidagi bino havo hujumi nishoniga olingan va tibbiyot muassasasi jiddiy zarar ko‘rgan. Samolyot Xarat-Horeyk kvartaliga ikkita, Rayya stadioni va Al-Qaim majmuasiga yana uchta zarba berdi.
Isroil armiyasi matbuot kotibi Avixai Adrai 22 oktyabr oqshomida “evakuatsiya qilish zarurligi haqida ogohlantiruvchi” to‘rtta xaritani e’lon qildi.
Ma’lumot uchun, Isroil-Livan chegarasida Isroil armiyasi va “Hizbulloh” o‘rtasida to‘qnashuvlar 2023 yil 8 oktyabrdan beri davom etmoqda. 2024 yil 23 sentyabrda Isroil havo kuchlari Livan janubidagi shaharlar, shuningdek, Bekaa vodiysi va Baalbek shahriga yuzlab zarbalar berdi.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 8 oktyabrdan buyon jami 2546 kishi halok bo‘lgan, ulardan 194 nafari ayol va 104 nafari bolalar, yana 11.862 nafari jarohatlangan.
27 sentyabr kuni Isroil armiyasining Bayrutga bergan zarbasi oqibatida “Hizbulloh” bosh kotibi Hasan Nasrullo halok bo‘ldi. “Hizbulloh” Isroilga raketa hujumlari bilan javob qaytardi va asosan harbiy bazalarni nishonga oladi.
Isroilning Livandagi bombardimonlari ortidan yuz minglab odamlar uy-joyini tark etdi. Mamlakatning janubiy viloyatlarida Bayrutga va mamlakat shimoliga migratsiya to‘lqini davom etmoqda. Livan hukumatining ma’lum qilishicha, 486 mingdan ortiq odam o‘z uylarini tashlab Suriyaga yo‘l olgan.