Isroil Bayden chizgan chiziqdan chiqdimi?
Olam
−
28 may
4618Amerika Qo‘shma Shtatlari ma’muriyati joriy yilning 26 may kuni Rafahdagi chodir lagerida o‘nlab falastinliklarning o‘limiga sabab bo‘lgan Isroil mudofaa kuchlarining zarbasi AQSH Prezidenti Jo Baydenning qizil chizig‘ini buzgan yoki yo‘qligini tekshirmoqda. Bu haqda “Axios” portali o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Portal ta’kidlaganidek, zarbadan bir necha kun oldin Oq uy xodimlari Isroilning ko‘p sonli tinch aholi qurbonlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun Rafahda harbiy operatsiya o‘tkazish rejalariga sezilarli ta’sir ko‘rsata olganiga ishonchi komil edi. Baydenning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan o‘tgan hafta Isroildagi yahudiy hukumatining yuqori martabali amaldorlari bilan bo‘lajak Rafah operatsiyasini muhokama qildi. “Axios” manbasiga ko‘ra, Vashington ma’muriyatining ko‘plab xavotirlari Isroilning Rafah bo‘yicha qayta ko‘rib chiqilgan rejalarida hisobga olingan. Sallivan operatsiyani qizil chiziqni kesib o‘tmasdan amalga oshirish mumkinligiga ishondi. Portal manbasining qo‘shimcha qilishicha, Rafahga zarba berish Baydenga Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlariga nisbatan siyosatini o‘zgartirish uchun siyosiy bosimni kuchaytirishi mumkin.
Voqeaga izoh berar ekan, Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi vakili jurnalistlarga Isroil rasmiylari G‘azo sektori tinch aholi xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga majbur ekanini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSH o‘z ittifoqchilari bilan birgalikda zarba oqibatlarini baholamoqda.
Eslatib o‘tamiz, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham Isroilning Rafahga hujumini qoralagandi.
27 mayga o‘tar kechasi Isroil harbiylari Rafahga zarba berdi. Tal as-Sulton hududidagi BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish va ishlar agentligining Yaqin Sharqdagi ombori yonida o‘rnatilgan chodir lageriga kamida sakkizta raketa bilan hujum qilindi.
Chodirlar shaharchasida yong‘in sodir bo‘ldi. Falastinning WAFA agentligi taqdim etgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida kamida 45 kishi halok bo‘lgan, qurbonlarning aksariyati ayollar va bolalardir. Isroil mudofaa kuchlari matbuot xizmati Bosh shtabning faktlarni aniqlash apparati Rafah hujumi hududida tinch aholining o‘limi holatlarini tekshirishni boshlaganini ma’lum qildi.
24 may kuni Xalqaro jinoiy sud Janubiy Afrikaning da’vosiga javoban qaror qabul qildi, unga ko‘ra Isroil Rafahdagi hujumni va shahar aholisiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa harakatlarni to‘xtatishi kerak. Sud, shuningdek, Isroil tomonini Falastin aholisiga yordam ko‘rsatish uchun Rafah nazorat punktini ochiq qoldirishga majbur qildi.
LiveBarchasi