Isroil AQSHga nisbatan josuslik harakatlarini kuchaytirdi – OAV

Olam

image

Pentagon Isroil tomonidan AQSHga nisbatan josuslik harakatlari kuchayganidan xavotir bildirmoqda. Bu haqda ikki nafar amaldagi va bir nafar sobiq amerikalik mulozimga tayanib, NBC telekanali xabar berdi.

“Pentagon Isroilning AQSHdagi josuslik faoliyatidan xavotirda va yaqinda Amerikaning Yaqin Sharqdagi asosiy ittifoqchisi tomonidan kelayotgan kontrrazvedka tahdidi darajasini eng yuqori bosqichga ko‘tardi”, deyiladi xabarda.

Telekanal suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, Pentagon Isroil AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining Yaqin Sharqdagi mojarolar bo‘yicha ichki muhokamalari va qarorlari haqida ma’lumot to‘plash maqsadida yuqori martabali amerikalik mulozimlarni kuzatish uchun “alohida harakat qilmoqda” deb xavfsiramoqda.

Shu bilan birga, Isroilning Vashingtongi elchixonasi vakili telekanalga bergan izohida go‘yoki josuslik qilinayotgani haqidagi ma’lumotlarni rad etgan.

“Isroil Amerika tuzilmalari, ayniqsa, AQSH hukumati rasmiy shaxslari haqida razvedka ma’lumotlarini yig‘maydi”, deydi u.

Oq uy vakili ham bu ma’lumotni yolg‘on deb atagan va bu xabarlar “voqealardan mutlaqo xabari yo‘q” shaxslardan chiqayotganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Axios” Tramp Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefon muloqoti paytida g‘azablanib, haqoratli so‘zlar ishlatgani haqida xabar bergan edi. Tramp ham Netanyaxu bilan telefon suhbatida o‘zini tuta olmay qolganini tasdiqladi va buni mamlakatning Livan bilan mojarosi davom etayotganidan norozi ekanligi bilan izohladi. Netanyaxu, o‘z navbatida, AQSH Prezidenti bilan taktika masalalarida ba’zan kelishmovchiliklar bo‘lib turishini, ammo asosiy jihatlar bo‘yicha har ikki yetakchi hamma narsada hamfikr ekanligini aytdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing