Isroil 100 dan ortiq falastinlikni ozod qilgani aytilmoqda

Olam

image

Isroil avval hibsga olingan 100 dan ortiq falastinlikni, jumladan 4 nafar ayolni ozod qilgani aytilmoqda. Bu haqda Misrning “Al Qahera al Ihbariya” telekanali xabar berdi.

Unga ko‘ra, Isroil 114 kishini, jumladan, 4 nafar ayol mahbusni ozod etgan. Falastinliklarning barchasi yahudiy davlatining G‘azo sektori bilan chegarasida joylashgan Kerem Shalom nazorat punkti orqali qo‘yib yuborilgan.

Biroq telekanal ushbu shaxslar Falastin anklavidagi hozirgi mojaro tomonlari o‘rtasidagi dastlabki kelishuvlar doirasida ozod qilinganmi yoki yo‘qmi, bunga aniqlik kiritmagan.

CNN’ning manbalariga tayanib xabar berishicha, Misr razvedkasi HAMASga Misr, Isroil, AQSH razvedka xizmatlari rahbarlari va Qatar Bosh vazirining 28 yanvar kuni Parijdagi yig‘ilishida erishilgan garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha dastlabki taklifni yetkazgan. Muzokarachilar umumiy ma’noda konsensusga erishgan bo‘lsa-da, kelishuvning aniq tafsilotlari bo‘yicha bir qarorga kelish oson bo‘lmaydi.

Dastlabki shartlarga ko‘ra, garovga olinganlarni qaytarishning birinchi bosqichi jangovar harakatlar olib borishda olti haftalik tanaffusni nazarda tutadi. Shu bilan birga, HAMAS qo‘l ostidagi har bir fuqaro Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan uch nafar falastinlik bilan almashtiriladi. Bu nisbat Isroil armiyasi xodimlarini almashish uchun oshirilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Isroil HAMAS bilan potensial kelishuv doirasida G‘azo sektorining asosiy shaharlaridan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu buni rad etib, o‘z qo‘shinlarini G‘azo sektoridan olib chiqmasligi va minglab falastinliklarni ham qamoqdan ozod qilmasligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Falastin Isroil G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing