Isroil hujumida 5 nafar HAMAS a’zosi halok bo‘ldi. Qurbonlarning umumiy soni esa 300 dan oshdi
Olam
−
18 mart
1784Isroil G‘azo sektorida harbiy amaliyotlarini qayta boshlaganidan so‘ng HAMAS harakatining besh nafar rasmiysi halok bo‘ldi. Bu haqda “Al Arabiya” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qurbonlar orasida G‘azo hukumatining amaldagi Bosh vaziri Issam al-Dalis ham bor.
Xabarga ko‘ra, Isroil hujumi oqibatida G‘azodagi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Mahmud Abu Vatfa, brigada generali Baxjat Hasan Abu Sulton, Adliya vaziri o‘rinbosari Ahmad Umar Al-Xatta va HAMAS siyosiy byurosi a’zosi, favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi rahbari Abu Ubayda al-Jamasi ham halok bo‘lgan.
HAMAS vakillari Isroilning ushbu harakatlarini kelishuvga umuman zid ekani, harakat esa kelishuv shartlariga to‘liq rioya qilayotganini bildirgan.
G‘azodagi Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, Isroil G‘azo sektoriga yirik zarbalarni qayta boshlagani oqibatida kamida 326 kishi halok bo‘lgan. Halok bo‘lganlarning jasadlari mahalliy shifoxonalarga yetkazilgan, biroq vayronalar ostida hali ham ko‘p odamlar qolmoqda. Qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Vazirlik 440 dan ortiq jarohat olgani, jumladan, ayrimlarining ahvoli og‘irligi haqida xabar bergan edi.
G‘azo ma’muriyatiga ko‘ra, Isroil kuchlari tinch aholi yashaydigan hududlarni, jumladan, chodirlar, maktablar va turarjoy binolarini o‘qqa tutgan.
“Zarbalar Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Mudofaa vaziri Isroil Katsning buyrug‘i bilan amalga oshirilgan”, deya xabar beradi Isroil Bosh vaziri idorasi.
Ma’lumot uchun, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi sulh 19 yanvar kuni kuchga kirgan edi. Ushbu ko‘p bosqichli kelishuvning birinchi bosqichi G‘azoga yirik miqdorda gumanitar yordam yetkazish, Isroil qo‘shinlarini zich aholi punktlaridan olib chiqish va asirlarni mahbuslarga almashtirishni ko‘zda tutgan. Birinchi bosqich muddati mart oyida yakunlandi.
2 mart kuni AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff tomonlarga yangilangan kelishuv loyihasini taqdim etdi. Isroil darhol AQSH tashabbusini qabul qildi. HAMAS esa bu tashabbusni qat’iyan rad etdi va avvalgi kelishuvlarga rioya qilishni davom ettirishini bildirdi. Ammo shundan so‘ng, Isroil HAMAS ushbu shartlarga rozilik bildirmasa, harbiy harakatlarni qayta boshlashi bilan tahdid qildi. Shundan so‘ng, Misr ham Isroil va HAMASga G‘azo sektorida 60 kunlik sulh, garovga olingan qolgan isroilliklarni ozod qilish va urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni boshlashni o‘z ichiga olgan yangi kelishuv takliflarini taqdim etdi.