Isroil hujumga javob qaytarsa, Eron uning infratuzilmasini yo‘q qilish bilan tahdid qildi

Olam

image

Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi Isroilga Eron raketa hujumiga javob choralarini ko‘rsa, yahudiy davlati infratuzilmasini butunlay yo‘q qilish bilan tahdid qildi. Bosh shtab bayonoti IRIB telekanalida e’lon qilindi.

“Agar tajovuzkor javob qaytarsa, u bosib olingan Falastin hududlaridagi o‘z infratuzilmasi vayron bo‘lishini kutishi kerak. Har qanday darajadagi tajovuzkor qilgan ishidan pushaymon bo‘lishi kerak”, deyiladi xabarda.

Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi, shuningdek, Isroil ittifoqchilarini Eron Islom Respublikasi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvga kirishishdan ogohlantirdi.

“Rejim ittifoqchilari Eronga bosqin va hujumda bevosita ishtirok etsa, Islom Respublikasi Qurolli Kuchlari mintaqaviy darajada ularning markazlari va manfaatlarini kuchli hujumga duchor qiladi, [bu hujum] ularni tavba qilishga majbur qiladi”, deyiladi bayonotda.

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining aytishicha, ikki oy davomida HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniyaning Tehronda o‘ldirilgani uchun javob bermadi, chunki u Falastin-Isroil mojarosi tomonlariga G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olish imkoniyatini bermoqchi edi.

“Bugun kechqurun biz G‘azo va Livandagi genotsid uchun mas’ul bo‘lgan harbiy ob’ektlarga hujum qilish orqali BMT Nizomining 51-moddasida ko‘rsatilgan o‘zimizni himoya qilish huquqidan foydalandik. Biz G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish uchun so‘nggi ikki oy ichida aql bovar qilmaydigan darajada vazminlikni qo‘llaganimizdan keyin shunday qildik", deb yozdi diplomat X (sobiq Twitter) sahifasida.

O‘z navbatida, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Isroil televideniyesi orqali efirga uzatilgan isroilliklarga murojaatida Eronning o‘z mamlakatiga qarshi yirik raketa hujumini “katta xato” deb atadi va Tehron buning uchun tovon to‘lashini aytdi.

“Eron bugun katta xatoga yo‘l qo‘ydi va buning uchun u tovon to‘laydi. Eron rejimi bizning o‘zimizni himoya qilish va dushmanlarimizdan qasos olishga bo‘lgan qat’iyatimizni tushunmaydi. Sinvar va Deyif buni tushunmadi, Nasrulloh va Muhsin buni tushunmadi. Tehronda buni tushunmaydiganlar bor, shekilli. Ular tushunadi. Biz o‘rnatgan qoidamizga amal qilamiz: kim bizga hujum qilsa, biz ham unga hujum qilamiz”, deydi u.

Shuningdek, Netanyaxu Eron hujumini muvaffaqiyatsiz deb atadi.

“Ushbu hujum muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Uning oldiga dunyodagi eng ilg‘or bo‘lgan Isroil havo hujumidan mudofaa kuchlari chiqdi. Mudofaamizni qo‘llab-quvvatlagani uchun AQSHga ham minnatdorlik bildiraman”, degan Bosh vazir.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 oktyabr kuni kechqurun Eron Isroilga raketalar bilan zarba bergandi. Isroil armiyasi radiosi Erondan Isroilga 200 ga yaqin raketa uchirilganini aytdi. Keyinroq Isroil harbiylari aniq ovoz chiqarib, aholi o‘z boshpanalarini erkin tark etishlarini bildirdi. Isroil Eronga "og‘riqli javob" berishga va’da berdi. Isroil nashrlari armiya bugun, 2 oktyabr kuni tunda butun Yaqin Sharq bo‘ylab kuchli zarba berishi kutilayotganini yozdi.  


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil Bin'yamin Netan'yaxu Abbos Aroqchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made