Isroil HAMASning hujum rejasini bir yil oldin bilgan – NYT 

Olam

image

Isroil razvedka xizmatlari HAMASning 7 oktyabrdagi hujumidan bir yil oldin bu rejadan xabar topgan. Bu haqda tegishli hujjatga tayanib, bugun, 1 dekabr kuni “The New York Times” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, “Ierixo devori” kod nomini olgan hujjat 40 ga yaqin sahifani o‘z ichiga olgan. Unda 7 oktyabr kuni HAMAS tomonidan amalga oshirilgan harakatlar aniq tasvirlangan.

NYT tomonidan ko‘rib chiqilgan hujjatda hujumning aniq sanasi ko‘rsatilmagan, biroq uning batafsil tavsifi, jumladan, G‘azo sektori atrofidagi istehkomlarning vayron qilinishi, Isroil shaharlarining qo‘lga kiritilishi va muhim harbiy bazalarga bostirib kirilishi haqida yozilgan.

Nashrning qayd etishicha, HAMAS bu rejani “ajoyib aniqlik bilan” amalga oshirgan. Hujjatda hujum boshlanishidagi raketa otishmalari, kuzatuv kameralarini o‘chirish uchun dronlardan foydalanish, chegara bo‘ylab avtomatik pulemyotlarning ishlashi, so‘ngra jangchilarning paraplanlar, mototsikllar orqali va piyoda Isroilga ommaviy bostirib kirishi tasvirlangan. Bularning barchasi 7 oktyabr kuni sodir bo‘ldi.

“Hujjat Isroil harbiylari va razvedka rahbarlari orasida tarqaldi, biroq ular bunday miqyosdagi hujum va bunday ambitsiyalarni HAMASning imkoniyatlaridan tashqarida, deb hisobladi”, deyiladi xabarda. 

Hujjatni Bosh vazir Binyamin Netanyaxu yoki boshqa yuqori siyosiy rahbarlar ko‘rgan-ko‘rmagani noma’lum. O‘tgan yili hujjatni olganidan ko‘p o‘tmay, G‘azo sektoridagi chegarani qo‘riqlash uchun mas’ul bo‘lgan Isroil harbiy bo‘linmasi vakillari HAMASning niyatlari “noaniq” ekanini aytgan. 

“Reja to‘liq qabul qilinganmi va u qanday amalga oshirilishini aniqlashning hozircha imkoni yo‘q”, deyiladi nashr ko‘rib chiqqan harbiy ekspertlarning munosabatida.

Hujumlardan uch oy oldin, shu yilning iyul oyida, Isroilning razvedka agentligi faxriy tahlilchisi HAMAS rejada ko‘rsatilganiga o‘xshash intensiv mashg‘ulotlar o‘tkazgani haqida ogohlantirgan. Ammo gazeta tomonidan topilgan shifrlangan elektron pochta xabarlariga ko‘ra, G‘azo xavfsizlik bo‘limining polkovnigi uning xavotirlarini yo‘q qilgan.

Isroil rasmiylari endilikda, agar harbiylar ogohlantirishlarga jiddiy yondashib, janubga qo‘shimcha kuchlar yuborganida, Isroil hujumlarni yumshatishi yoki hatto ularni oldini olishi mumkinligini alohida tan oladi.

HAMASning yuqori martabali rasmiysi Ali Barakning aytishicha, ular 7 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan hujum paytida Isroilning ko‘proq qarshilik ko‘rsatishini kutgan. Falastin hududlarini kuzatayotgan SAXALning ayollar bo‘linmalari vakillari hujumning bunchalik shiddatli bo‘lganiga ularning hujum oldidan HAMASning shubhali harakatlari haqidagi ogohlantirishlariga qo‘mondonlik tomonidan e’tibor berilmagani sabab bo‘lganini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, Yaqin Sharqdagi vaziyat 7 oktyabr kuni HAMAS “Al-Aqso to‘foni” operatsiyasini boshlaganini e’lon qilgach, G‘azo sektoridan Isroilga minglab HAMAS kuchlari kirib kelganidan keyin keskinlashgandi. Bunga javoban Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakat urush holatida ekanini ma’lum qildi.

Isroil "Temir qilichlar" operatsiyasini boshladi. Operatsiyaning birinchi kunidanoq Isroil G‘azo sektoriga yirik raketa hujumlarini amalga oshirdi. Isroil Milliy xavfsizlik kengashi sektorga suv, oziq-ovqat, tovarlar, elektr energiyasi va yoqilg‘i yetkazib berishni to‘xtatishga qaror qildi. G‘azoga gumanitar yordam yetkazib berish faqat 20 oktyabrdan keyin Rafah nazorat-o‘tkazish punkti orqali amalga oshirila boshlandi va ularning hajmi yetarli emas, deb baholanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil HAMAS Bin'yamin Netan'yaxu Ierixo devori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing