Isroil-HAMAS muzokaralari fonida Netanyaxu 3-marta Oq uyga boryapti
Olam
−
07 iyul 2206 4 daqiqa
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bugun, 7 iyul kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan Oq uyda uchrashishi kutilmoqda. Ayni paytda Isroil rasmiylari HAMAS bilan G‘azoda AQSH vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagi shaxslarni ozod qilish bo‘yicha bilvosita muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Tramp kecha, 6 iyul kuni shunday kelishuv ushbu hafta amalga oshishi mumkinligini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qatarda Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarga o‘zining Netanyaxu bilan uchrashuvi ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bu Tramp yanvarda qayta prezidentlikka kelganidan beri Netanyaxuning uchinchi marta Oq uyga tashrifi hisoblanadi. Bu safargi uchrashuv AQSH Prezidentining o‘tgan oyda Eronning yadroviy ob’ektlariga Isroilni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bombardimon uyushtirgani ortidan bo‘lmoqda. Tramp so‘ngra 12 kunlik Isroil-Eron urushida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga vositachilik qilgan edi.
Tramp va uning maslahatchilari Eronning zaiflashuvidan foydalanib, HAMASni qo‘llab-quvvatlayotgan bu mamlakat orqali G‘azodagi 21 oylik urushda burilish yasashga harakat qilmoqdalar. Vashingtonga kecha yetib borgan Netanyaxu bugun Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff va AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashib, Prezident bilan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘radi.
Ikki rahbar matbuot uchun yopiq, faqat shaxsiy tushlikda uchrashishi kutilmoqda. Ilgarigi tashriflardan farqli o‘laroq, bu safar Oval ofisda rasmiy muzokaralar bo‘lmaydi. Nega Tramp bu safar bunday ehtiyotkor tarzda harakat qilayotgani aniq emas.
Isroil Eron bilan bo‘lgan to‘qnashuv natijalari mintaqada yangi diplomatik imkoniyatlar ochishiga umid qilmoqda. Isroil xavfsizlik kabineti a’zosi Avi Dixterning aytishicha, Tramp bilan bo‘ladigan uchrashuv faqat G‘azo bilan bog‘liq emas, balki Livan, Suriya va Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarni normallashtirish masalalarini ham qamrab oladi.
“Menimcha, bu uchrashuv avval ham tilga olingan, ammo hozir haqiqiy ma’no kasb etgan “Yangi Yaqin Sharq” tushunchasiga bag‘ishlanadi,” dedi u “Kan” davlat teleradiosiga.
Uchrashuv oldidan Netanyaxu jurnalistlarga aytishicha, u Trampga Eron yadroviy ob’ektlariga berilgan AQSH havo zarbalari uchun minnatdorlik bildirmoqchi. Shuningdek, Isroil muzokarachilari Qatar poytaxti Doxada G‘azo bo‘yicha kelishuv ustida ish olib bormoqda.
Isroil va HAMAS bugun, 7 iyul kuni Qatarda ikkinchi kun bilvosita muzokara olib boradi. Muzokaralarga Qatar va Misr vositachilik qilmoqda. Isroillik rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, muzokara muhiti ijobiy. Ammo falastinlik rasmiylar 6 iyul kuni bo‘lib o‘tgan dastlabki uchrashuv samarasiz tugaganini bildirgan.
Yana bir isroillik rasmiy Qatarda gumanitar yordam masalasi muhokama qilinganini aytgan, lekin batafsil ma’lumot bermagan.
AQSH taklif etgan 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejasida garovdagilarni bosqichma-bosqich ozod qilish, Isroil qo‘shinlarining G‘azo hududlaridan chiqishi va urushni butunlay to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar ko‘zda tutilgan. HAMAS bu paytgacha barcha garovdagilar ozod qilinishi uchun urushni butunlay to‘xtatishni talab qilgan. Isroil esa, aksincha, urush HAMAS to‘liq tarqatilmaguncha to‘xtamasligini ta’kidlamoqda.
Tramp 4 iyul kuni jurnalistlarga HAMAS AQSH taklif etgan 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga “musbat ruhda” javob berganini aytib, kelishuv ushbu haftagacha amalga oshishi mumkinligini bildirdi.
Bu tarafda Netanyaxuning ayrim qattiqqo‘l koalitsiyadoshlari urushni to‘xtatishga qarshi, ammo 21 oylik urushdan charchagan isroilliklar ortib borayotgani bois, hukumat urushni to‘xtatishga rozi bo‘lishi mumkin.
Joriy yil boshidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi mart oyida buzilgan, uni qayta tiklashga urinishlar natija bermadi. Ayni paytda, Isroil G‘azodagi harbiy amaliyotlarini kuchaytirdi va oziq-ovqat tarqatishni jiddiy chekladi.
“Ilohim, sulh bo‘lsin. Insonlar halok bo‘layotgan bir paytda sulh haqida o‘ylab bo‘lmaydi. Biz haqiqiy qon to‘kilishni to‘xtatadigan sulhni xohlaymiz”, dedi 30 yoshli g‘azolik Muhammad Al Savaxla 6 iyul kuni Isroil havo zarbasidan so‘ng.
G‘azo urushi 2023 yil oktyabrda HAMAS janubiy Isroilga hujum qilib, taxminan 1 200 kishini o‘ldirib, 251 nafarni garovga olishi ortidan boshlangan. Hozirda 50 nafar isroillik garovda qolgan, ularning 20 nafari tirik deb hisoblanmoqda.
Isroilning javob urushlari G‘azoda 57 000 dan ortiq falastinlikning halok bo‘lishiga sabab bo‘ldi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, G‘azo aholisining ko‘p qismi qochqinga aylangan, yarim millionga yaqini esa yaqin oylarda ochlik xatarini boshdan kechirmoqda.
Tramp Netanyaxuni Isroil prokuraturasidan ham himoya qildi
Tramp Netanyaxuni qat’iy qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. O‘tgan oy u Isroildagi ichki siyosatga aralashib, Netanyaxuga nisbatan olib borilayotgan pora, firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilish ayblovlariga oid sud jarayoni uchun prokuraturani tanqid qildi. Netanyaxu bu ayblovlarni rad etmoqda.
Tramp o‘zi ham turli huquqiy muammolarga duch kelayotgan bo‘lsa-da, sud jarayoni Netanyaxuning HAMAS va Eron bilan muzokaralarini olib borish qobiliyatiga xalaqit berishini ta’kidladi.
Live
Barchasi