Isroil HAMAS bilan mojaroni to‘xtatish shartini aytdi

Olam

image

Agar jangchilar qurollarini tashlab, garovga olinganlarni qo‘yib yuborsa hamda taslim bo‘lsa, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi to‘qnashuv ortiqcha qon to‘kishlarsiz tugashi mumkin. Bu haqda  Isroilning BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdan Xavfsizlik kengashining G‘azo sektori va Isroildagi vaziyat bo‘yicha rezolyutsiya yig‘ilishida aytib o‘tdi.

“Isroilning vazifasi garovga olinganlarni, kelajagimizni, G‘azo xalqini qutqarishdir. Bu qutqaruv missiyasi. Bu missiya juda tez bajarilishi mumkin. Agar HAMAS qurolini tashlab, garovga olinganlarni ozod qilsa va taslim bo‘lsa, bu urush o‘q uzmasdan tugashi mumkin. Nega HAMASni bunga chaqirmaysiz, nega bu rezolyutsiyaning bir qismi emas?” deydi Erdan.

Diplomat hozirgi mojaroni BMT uchun burilish nuqtasi deb atagan. Uning ta’kidlashicha, xalqaro hamjamiyat G‘azo sektoriga milliardlab dollar jo‘natgan, ammo buning hammasi HAMASga ketgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroilning BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdan Isroilning G‘azo sektorini bosib olish niyati yo‘qligini, ammo mamlakat HAMASni yo‘q qilish uchun hamma narsani qilishini aytgandi.

Isroil-Falastin mojarosi

Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi.  Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida G‘azoda 2750 kishi halok bo‘lgan, 9700 kishi jarohatlangan. G‘arbiy sohilda esa 58 odam o‘lgan, 1250 kishi yaralangan. Isroil tomonidan qurbon bo‘lganlar soni 1,3 ming kishini tashkil etadi. 351 nafar odam esa shifoxonaga joylashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil HAMAS G'azo sektori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing