Isroil, HAMAS, AQSH va Qatar G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni imzoladi
Olam
−
09:04
1765Isroil, Falastinning HAMAS harakati, AQSH va Qatar vakillari 16 yanvar kuni kechqurun Dohada G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni rasman imzoladi. Bu haqda manbalarga tayanib, "Axios" portali xabar berdi.
Ularga ko‘ra, kelishuv bo‘yicha AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiven Vitkoff, Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha koordinatori Brett Makgurk hamda Qatar va Misr vositachilari muzokaralar olib borishgan. AQSH tomonidagi kelishuv Brett Makgurk tomonidan imzolangan.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning idorasi Isroil, Falastinning HAMAS harakati, AQSH va Qatar tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish va G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imzolanganini tasdiqladi. Unga ko‘ra, kelishuvni tasdiqlash uchun xavfsizlik vazirlari mahkamasi chaqiriladi, so‘ngra hukumat yig‘ilishi o‘tkaziladi. Ovoz berish 18 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.
"Axios" manbalarining aytishicha, bu kelishuv 20 yanvar atrofida kuchga kiradi.
Portalning yozishicha, hujjat imzolanishi bitim doirasida ozod etilishi kerak bo‘lgan falastinlik mahbuslarning yakuniy ro‘yxati bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli qoldirilgan. HAMAS almashinuv chog‘ida terrorchilik harakatlarini uyushtirganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan guruh harbiy rahbarlarini qaytarishni talab qilgan.
"Al-Arabiya" telekanali manbalarga tayanib xabar berishicha, HAMAS va Isroil G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va anklavda saqlanayotgan garovga olinganlarni falastinlik mahbuslarga almashish bo‘yicha kelishuv imzolagan. Manbalarning aytishicha, hujjatga yakuniy tahrirlar kiritilgan. Telekanal HAMAS va Isroil o‘rtasida vositachi bo‘lib, G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi shartlarini amalga oshirishda kafil bo‘lgan Qatar, Misr va AQSH ham imzo chekuvchilar orasida ekanligiga aniqlik kiritmadi.
LiveBarchasi