Islomobod va Moskva Afg‘oniston bo‘yicha hamkorlik qiladi
Olam
−
07 Sentabr 2021
10473Pokiston va Rossiya Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha kengaytirilgan “uchlik” doirasida uyg‘un hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi, zarur holatda tomonlar maxsus xizmatlarning aloqalarini faollashtirishi mumkin. Bu haqda Pokistonning Rossiyadagi elchisi Shafkat Ali Xon ma’lum qildi.
“Biz Rossiya bilan a’lo darajadagi hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik, bu umumiy manfaatlar nuqtai nazaridan to‘liq uyg‘unlik. Shuningdek, bu so‘nggi o‘n yilliklarda ikki tomonlama munosabatlarimizning ijobiy evolyutsiyasi tufayli sodir bo‘ldi. Agar inqiroz bo‘lsa, biz kelisha olamiz”, degan elchi.
Shafkat Ali Xonga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida maxsus xizmatlar orqali ham juda yaxshi muloqot yo‘lga qo‘yilgan.
“Biz muntazam aloqa kanallarini o‘rnatdik. Bu aloqalar juda samarali rivojlanmoqda. Agar zarurat tug‘ilsa, bu aloqalar va sheriklik tabiiy ravishda kuchayadi”, degan elchi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 sentyabr kuni “Tolibon” vakili Zabihulla Mujohid bo‘ysunmayotgan Panjsher viloyati to‘liq harakat nazorati ostiga o‘tgani hamda Afg‘onistonda urush butunlay yakunlanganini e’lon qilgandi. Shundan so‘ng, Afg‘oniston shimolida joylashgan Panjsher viloyatidagi Milliy qarshilik fronti lideri Ahmad Mas’ud Panjsherni egallashda “Tolibon”ga chet el qo‘shinlari yordam berganini ta’kidlagandi.
Qayd etish kerakki, OAVda “Tolibon” Afg‘onistondagi eng yirik harbiy baza — Bagramni Xitoyga, bundan tashqari Qandahordagi aerodromni Pokistonga berishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Toliblar ushbu ikki davlat bilan ham juda yaqin aloqada.
Afg‘onistondagi vaziyat
AQSHning Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy operatsiyasi Prezident Jo Bayden davriga kelib yakunlandi. AQSH qo‘shinlari joriy yilning 31 avgust kuni mamlakatni tark etdi. Bunga qadar Yevropaning boshqa davlatlari, jumladan Britaniya va Germaniya ham mamlakatni tark etdi. Ushbu jarayon yakunlanmasidan “Tolibon” harakati poytaxt Qobulni egallab, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatdi. 19 avgust kuniga kelib toliblar Afg‘oniston Islom Amirligi tuzulganini e’lon qildi.
LiveBarchasi