Islom Karimovning o‘g‘li Tatyana Karimovani sudga berdi
Jamiyat
−
13 iyun 2023
86955Joriy yilning 26 iyun kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning turmush o‘rtog‘i Tatyana Karimovaga nisbatan fuqarolik ishi ko‘rib chiqiladi. Da’vogar Islom Karimovning Natalya Kuchmi bilan birinchi turmushidan o‘g‘li Pyotr Karimov ekani aytilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar sudi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotda keltirilgan.
Da’vo predmeti sifatida vorislik huquqidan kelib chiqqan nizo ekani ko‘rsatilgan. Birinchi instansiya sudida ishni sudya Aziz Rahmonov ko‘rib chiqadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti, marhum Islom Karimovning ikki nikohdan uch farzandi bor. Katta o‘g‘li Pyotr Karimov hozir Moskva viloyatida yashaydi. O‘z vaqtida “Asia-Invest Bank” boshqaruvi raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida Rossiyaning Krasnogorsk shahrida xotinini kaltaklaganlikda gumonlanib, ushlangan Pyotr Karimov meros bo‘yicha sudda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelmoqchiligi aytilgan edi.