Islom dunyosi o‘zidan kutilgan narsani bajara olmadi – Erdo‘g‘an
Olam
−
18 aprel 14300 2 daqiqa
Turkiya yolg‘iz qolsa ham Falastinni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Bu haqda bugun, 18 aprel kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Istanbulda Falastinni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha parlament guruhining birinchi yig‘ilishida so‘z ochdi.
“Falastin muammosini ikki davlat o‘rtasida hal qilishning muqobili yo‘q. Falastin Falastin xalqiga tegishli. Biz 1967 yilgi chegaralarda poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil, suveren Falastin davlatini yaratgunga qadar yolg‘iz qolsak ham tinimsiz kurashni davom ettiramiz”, degan Erdo‘g‘an.
Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azoda xalqaro tizim muvaffaqiyatsizlikka uchragan.
“Xalqaro huquq adolat o‘rnatish emas, balki kuchlilar hokimiyatini mustahkamlash vositasiga aylandi. Achinish va ko‘zda yosh bilan shuni ma’lum qilamanki, afsuski, Islom dunyosi ham undan kutilgan narsani bajara olmadi”, degan Turkiya rahbari.
Erdo‘g‘an, shuningdek, Isroilni Suriya va Livandagi vaziyatni barqarorlashtirishga to‘sqinlik qilishda ayblagan.
“Suriya va Livanga berilgan zarbalar Netanyaxu ma’muriyati Yaqin Sharqda tinchlik va osoyishtalik bo‘lishini istamasligini ko‘rsatadi. Mintaqa davlatlariga tahdid solayotgan bu telbalikka imkon qadar tezroq chek qo‘yish kerak, aks holda olov uni yoqqanlarni tez orada kuydiradi”, deya qo‘shimcha qilgan Erdo‘g‘an.
U ertami-kechmi Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo sektoridagi “genotsid uchun xalqaro sud oldida javob berishiga” umid bildirgan.
Turkiya Prezidenti uning mamlakati 2024 yilda Isroil bilan savdoni butunlay to‘xtatgani va Falastinga gumanitar yordam ko‘rsatishni kuchaytirganini eslatgan.
“Biz falastinlik birodarlarimizga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirdik. Mintaqaning qardosh davlatlari ko‘magida G‘azoga 101 ming tonnadan ortiq gumanitar yuk yetkazib berdik”, degan Erdo‘g‘an.
Ma’lumot uchun, Istanbulda Turkiya tashabbusi bilan tashkil etilgan Falastinni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha parlament guruhining birinchi yig‘ilishida 13 davlat, jumladan, Falastin, Qatar, BAA, Pokiston, Malayziya, Indoneziya, Senegal, Iordaniya, Bahrayn parlamentlari spikerlari ishtirok etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Falastin ma’muriyatiga 1,6 milliard yevro (1,8 milliard dollar) miqdoridagi uch yillik moliyaviy yordamni oshirishi haqida xabar berilgandi.