Islohotchiga aylangan “terrorchilar”, gitara chalgan bosh vazir va “ovlanayotgan” kichkina Tramp – Midweek

Tahlil

Reklama
0:00

Vashington va Tehron o‘rtasidagi “mushuk-sichqon” o‘yini yangi bosqichga o‘tdi: AQSH Eronning “nafas yo‘llari”ni yopishga urinayotgan bir paytda, Tehron javobni siyosatchilarning oila a’zolariga “ov” e’lon qilish bilan qaytarmoqda. Kichkina Trampning kallasi uchun $10 mln va’da qilindi. Qiziq, talaba yigitcha dunyo muvozanatini o‘zgartirib yuboradimi?

Ikkinchi tomonda esa haqiqiy mo‘’jizalar: kechagina “terrorchi” deb atalganlar bir kunda “islohotchi”ga aylanib, Damashq Vashingtonning qirq yillik “qora ro‘yxati”dan bir pasda o‘chib qoldi. Geosiyosiy manfaatlar mos kelsa, AQSHning o‘zi e’lon qilgan barcha ayblovlar ham yuvilib ketarkan-da? Xullas, Suriya endi terror davlat emas!

Ukraina esa o‘z mustaqilligining 35 yilligini tinchlik tantanalari bilan emas, Kiyevda gitara chalib bergan Britaniya Bosh vaziri va “raketa sirlari” bilan kutib oldi. Lekin harbiy harakatlar va real frontda gitara akkordlari qanchalik yordam beradi?

Willberries’ni sevimli nishoniga aylantirgan Ukraina va nihoyat kompaniyaning raqobatchisi bo‘lgan Ozon omborlariga ham dron uchirdi. “Kutilmagan mehmonlar” sabab internet-do‘konlarning ombori yonib, Moskva birjasida Ozon aksiyalari bir zumda 29 foizga “sho‘ng‘idi”.

Bugun parda ortidagi ana shunday “do‘stliklar”, shaxsiy adovatlar, iqtisodiy qasoslar va geosiyosiy kartalarning qanday almashayotgani haqida atroflicha gaplashamiz.

Sanksiyalar, tahdidlar va parda ortidagi o‘yinlar

Vashington va Tehron o‘rtasidagi “mushuk-sichqon” o‘yini navbatdagi keskin pallaga kirdi. Bir tomonda – iqtisodiy qamalni maksimal darajaga yetkazmoqchi bo‘layotgan AQSH, ikkinchi tomonda esa – “biz har qanday sanksiyaga tayyormiz” deya baland kelayotgan, lekin ayni paytda shaxsiy tahdidlar kartasini ishga solayotgan Eron.

AQSH Moliya vaziri Skott Bessent Vashingtonning navbatdagi strategiyasini e’lon qildi. Uning ta’kidlashicha, AQSH Moliya vazirligi va boshqa tegishli idoralar Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusini moliyalashtiruvchi barcha daromad manbalarini to‘liq to‘sib qo‘yishga qaratilgan “Iqtisodiy yakkalash” operatsiyasini boshladi.

“Biz mablag‘larning sanksiyalarni chetlab o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan yondashuvga amal qilamiz. Bugun biz Eron rejimini boshqa barcha imkoniyatlardan mahrum qilish uchun ushbu operatsiyani boshlayapmiz”, deydi Skott Bessent.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Vashington bu safar shunchaki Tehronni emas, unga “qanot bo‘layotgan” uchinchi davlatlarni ham ayab o‘tirmaydi. Agar biror bir xalqaro kompaniya yoki davlat Eron neftini pulga aylantirish zanjirida ishtirok etsa, darhol sanksiya nishoniga aylanadi. Vashington qo‘yayotgan shart oddiy: yo global iqtisodiyot bilan birga bo‘lish, yo Eron bilan qolib, sanksiyalar ostida kun kechirish.

AQSH Moliya vazirligining so‘nggi cheklovlar ro‘yxati allaqachon kengaytirildi. 48 ta yuridik shaxs, 24 nafar jismoniy shaxs va 6 ta neft tankeriga cheklov qo‘yildi. Sanksiya “tayog‘i” Xitoy, BAA, Hindiston, Turkiya, Fransiya va Shveysariya kabi o‘nlab mamlakatlar sub’ektlariga borib tegmoqda. Buning ustiga, AQSH yaqin orada raqamli aktivlar, oltin, aviatsiya va dengiz tashuvlariga ham ikkilamchi sanksiyalarni joriy etishi kutilmoqda.

AQSHning ushbu keskin harakatlariga javoban Eron iqtisodiyot vaziri Sayyid Ali Madanizoda mamlakat har qanday sanksiyalar ssenariysiga tayyor ekanini da’vo qildi.

“Vazirlar mahkamasida iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha ikki yillik reja mavjud va unda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha muammolar hisobga olingan. Vashington Eron iqtisodiyotining asosiy “tomirlarini” uzish orqali o‘z maqsadlariga erisha olmaydi”, deydi Sayyid Ali Madanizoda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hatto oldingi harbiy to‘qnashuvlarda ziyon ko‘rgan metallurgiya zavodlari ham qayta tiklangan. Biroq xalqaro tahlilchilar Eronning ikki yillik rejasi qay darajada ish berishiga shubha bilan qarashmoqda. Chunki, rostdan ham giperinflyatsiya va neft eksportidagi cheklovlar Tehronga jiddiy bosim o‘tkazmay qolmaydi.

Tramp va Netanyahu oilalari nishonda

Iqtisodiy va harbiy frontdagi keskinlik sekin-asta shaxsiy adovat va tahdidlar darajasiga ko‘chib o‘tmoqda. Eron davlat OAVlari va unga aloqador kanallar endi siyosiy ritorikadan ochiqdan-ochiq axborot “hujumlari”ga o‘tdi.

AQSH Prezidenti Donald Trampning 20 yoshli o‘g‘li Barron Trampga nisbatan tarqatilgan xabarlar bunga yaqqol misoldir. Eron telekanallarida Barron Trampning harakatlanish marshrutlari, u tahsil oladigan universitet va hatto uni qo‘riqlayotgan Maxfiy xizmat pozitsiyalari haqida videolar efirga uzatilib, uning boshi uchun 10 million dollar mukofot va’da qilingan. Hatto Barron shaxsiy muloqot uchun Xbox o‘yin konsolidan foydalanishi kabi da’volar ham ilgari surilgan. AQSH Maxfiy xizmati ushbu materiallarni jiddiy xavf sifatida baholamoqda.

Shu bilan birga, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham Eron uning o‘g‘illaridan biriga suiqasd uyushtirishga uringanini ma’lum qildi.

“Eron o‘g‘illarimdan birini nishonga oldi. Eron o‘g‘illarimdan birini o‘ldirishga urindi”, degan Netanyahu “Channel 14” telekanaliga bergan intervyusida.

Biroq Netanyahu aynan qaysi o‘g‘li nishonga olingani yoki hodisa qachon sodir bo‘lgani haqida aniq tafsilotlarni keltirmadi.

Ushbu jarayonlarni tahlil qilar ekanmiz, har ikki tomonda ham katta media va siyosiy o‘yin ketayotganini payqash qiyin emas.

Bir tomondan, Eron OAVlarining AQSH Prezidentining 20 yoshli talaba o‘g‘liga “ov” e’lon qilishi va buni televideniye orqali ko‘rsatishi – Tehronda real harbiy va iqtisodiy richaglar tugab borayotgani, shuning uchun psixologik bosim o‘tkazishga urinayotganidan dalolat beradi.

Ikkinchi tomondan, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuning ushbu bayonotlari mamlakatda o‘tkazilishi kutilayotgan umumiy saylovlar oldidan yangramoqda. Uning koalitsiyasi so‘rovnomalarda ortda qolayotgan bir paytda, “tashqi dushman” va “oilaga tahdid” kartasini o‘ynash – saylovchilar e’tiborini ichki muammolardan tashqi xavfga burishning klassik usulidir.

Vashington esa Eronni moliyaviy kisloroddan mahrum qilish barobarida, butun dunyoga “Eron bilan savdo qilsangiz, AQSH tizimidan haydalasiz” degan ultimatum qo‘ymoqda.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Yaqin Sharqdagi bu “kattalar o‘yini”da iqtisodiy sanksiyalar tez orada o‘z so‘zini aytadi, u qanday ko‘rinishda bo‘lishini tahmin qilish qiyin emas. Lekin uning atrofidagi axborot va tahdidlar urushi hali uzoq davom etadiganga o‘xshaydi.

Suriya endi terror davlat emas!

Yaqin Sharq xaritasidagi geosiyosiy o‘yinlar navbatdagi keskin burilishni yasadi. Qariyb yarim asr davomida Vashingtonning “qora ro‘yxati”da bo‘lgan Damashq, nihoyat, rasman “oqlandi”. AQSH Suriyani terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatidan chiqardi. Kongressdagi 45 kunlik majburiy ko‘rib chiqish jarayoni o‘z nihoyasiga yetgach, qaror rasman kuchga kirdi. AQSH Prezidenti Donald Tramp ushbu niyatini joriy yilning 8 iyulidayoq Kongressga ma’lum qilgan edi. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ushbu qadamning sabablarini izohlar ekan, qaror tasodifan qabul qilinmaganiga shama qildi.

“Ushbu qaror Suriya Prezidenti Ahmad ash-Sharaa hukumati xalqaro terrorizmdan uzoqlashish bo‘yicha amalga oshirgan amaliy choralari va zimmaga olgan majburiyatlarini inobatga olgan holda qabul qilindi”, deydi Marko Rubio.

Vashingtonning ushbu “marhamati”dan so‘ng Damashq ham darhol bayonot berib, o‘zining iqtisodiy rejalari haqida gapira boshladi. Suriya Tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shayboniy qarorning ahamiyatini alohida e’tirof etdi.

“Bu qaror mamlakatimizning jahon moliyaviy va iqtisodiy tizimiga qayta integratsiyalashuviga hamda xalqaro investitsiyalar oqimini keskin oshirishga xizmat qiladi. Endilikda Suriyada biznes yuritish va iqtisodiyotni tiklash yo‘lidagi eng katta to‘siq bartaraf etildi”, deya ta’kidlaydi Asad ash-Shayboniy.

Suriya uzoq 1979 yildan buyon AQSHning terrorizm homiylari ro‘yxatida ushlab turilgan edi. O‘shanda Vashington sobiq prezident Hofiz Asad rejimini turli qurolli guruhlarga homiylik qilishda ayblagan. Bu maqom uning o‘g‘li Bashar Asadning ko‘p yillik boshqaruvi davrida ham o‘zgarmay qoldi. Biroq 2024 yilning dekabr oyida voqealar rivoji keskin tus olib, Ahmad ash-Sharaa boshchiligidagi isyonchi kuchlar Bashar Asad rejimini ag‘darib, hokimiyatni o‘z qo‘liga oldi. Shundan so‘ng, Vashington va Damashq o‘rtasidagi muzliklar eriydigan bo‘ldi.

Hozirda AQSHning ushbu mash’um “qora ro‘yxati”da 3 ta mamlakat – Kuba, Eron va Shimoliy Koreya qoldi. Mazkur ro‘yxatda bo‘lish AQSH tomonidan tashqi yordam berilishini taqiqlaydi, mudofaa mahsulotlari eksportini cheklaydi va global moliyaviy operatsiyalarni deyarli shol holatiga keltirib qo‘yadi.

Siyosiy tahlil va kuzatuv nuqtai nazaridan jarayonga biroz teranroq va tanqidiy nazar tashlasak, Vashingtonning standartlaridagi moslashuvchanlik kishini hayratda qoldiradi. Kechagina AQSH tomonidan “terrorchi” va “isyonchi” deb atalgan kuchlar hokimiyatga kelib, Vashington bilan til topishgan zahoti “xalqaro terrorizmdan uzoqlashgan islohotchilar”ga o‘zgarib qoldi.

O‘n yillar davomida oddiy Suriya xalqining yelkasiga og‘ir botgan iqtisodiy sanksiyalar, demak rejim o‘zgarishi va geosiyosiy manfaatlar mos kelishi bilan bir kunda barham topishi mumkin ekan. Damashqning AQSH banking tizimiga shoshilinch ravishda bog‘lanishga urinayotgani esa “yangi Suriya” o‘zining iqtisodiy va resurs imkoniyatlarini kimlarning nazorati ostiga topshirayotganidan dalolat beradi. Xulosani o‘zingizga qoldirmay, dangalini aytaman. Suriyaning bu ro‘yxatdan chiqarilishi shunchaki iqtisodiy yordam emas, balki Yevroosiyo geopolitikasida Eron va Rossiya ta’sirini uzil-kesil kesishga qaratilgan katta o‘yinning mantiqiy davomidir.

“Taslim bo‘lmaymiz”

Ukraina 24 avgust kuni o‘z mustaqilligining 35 yilligini tinchlik tantanalari bilan emas, balki qizg‘in diplomatiya va navbatdagi harbiy muzokaralar sharoitida kutib oldi.

Kiyev markazida namoyish etilgan zamonaviy havo va dengiz dronlari, og‘ir pulemyotlar bilan qurollangan uchuvchisiz quruqlik tizimlari mamlakatning 2014 yildan beri davom etayotgan Qrim anneksiyasi va Donbassdagi mojarolar bilan boshlanib, 2022 yildan keng ko‘lamli bosqinga aylangan, qariyb 14 yillik harbiy ziddiyatlar sababli qay darajada harbiy-texnik salohiyatga tayanishga majbur bo‘lganini ko‘rsatdi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Mustaqillik kuni munosabati bilan so‘zlagan nutqida mamlakatning asosiy pozitsiyasini e’lon qildi: “Kiyev tinchlikni istaydi, ammo har qanday shart evaziga yoki hududlarni topshirish evaziga Moskvaga taslim bo‘lmaydi”. Uning ta’kidlashicha, sharqiy hududlarni berish ham Rossiya tajovuzini to‘xtatib qolmaydi.

“Ukraina urushni to‘xtatish va energetika infratuzilmasini saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan barcha mudofaa yordamini so‘ramoqda, biroq biz ittifoqchilarimizdan biz uchun jang qilishni talab qilmayapmiz”, deydi Vladimir Zelenskiy.

Prezident, shuningdek, mudofaadagi 27 milliard dollarlik taqchillikni qoplash uchun Rossiyaning muzlatilgan xalqaro aktivlaridan foydalanishni taklif qildi. Shuningdek, qishki mavsum oldidan mamlakat havo mudofaasi uchun kamida 300 ta tutib qoluvchi raketa zarurligini bildirdi.

24 avgustdagi bayram tadbirlarining eng diqqatga sazovor qismi – Buyuk Britaniyaning yangi Bosh vaziri Endi Bernem hamda Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshtaning Kiyevga tashrifi bo‘ldi. Bosh vazir lavozimiga kirishganidan keyin ilk xorijiy safari sifatida Kiyevni tanlagan Bernem, Buyuk Britaniyaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdagi qat’iyligini namoyon etdi.

Tashrifning amaliy natijasi o‘laroq, Buyuk Britaniya Ukrainaga uzoq masofali qanotli raketalarini Ukraina hududida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun britancha maxfiy komponentlar texnologiyasini deklassifikatsiya qilishga ruxsat berdi. Bu – endi Ukrainada Rossiya ichkarisidagi nishonlarga zarba bera oladigan qurollarni o‘zida yig‘ish imkoni bor degani.

Siyosiy ritorikadan tashqari, Bernemning Kiyevdagi harakatlari ham OAV e’tiborini tortdi: u Rossiya zarbasidan vayron bo‘lgan savdo markazini ko‘zdan kechirdi va ukrainalik harbiy bilan birga britaniyalik mashhur “The Smiths” rok guruhining qo‘shig‘ini gitarada ijro etib, askarlar ruhini ko‘tarishga urindi.

Aynan 24 avgust kuni o‘tkazilgan Ko‘ngillilar koalitsiyasi yig‘ilishida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron videokonferensiya orqali qatnashib, Kiyevga Patriot havo mudofaasi tizimlarini zudlik bilan yetkazib berish lozimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, BMT platformasida 50 dan ortiq davlat Rossiyani to‘liq va hech qanday shartsiz sulhga chaqiruvchi qo‘shma bayonot berdi. Dunyo hamjamiyati e’tibor qaratgan yana bir ramziy qadam – O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham 24 avgust kuni o‘zining rasmiy X sahifasida Ukrainani Mustaqillik kuni bilan tabriklagani bo‘ldi. Biz ham bu harakatni olqishlaymiz.

G‘arb ittifoqchilarining Kiyevdagi bayramda paydo bo‘lishi va jo‘shqin nutqlar so‘zlashi – kuchli geosiyosiy signal. Biroq jarayonga professional tahlilchi ko‘zi bilan qaralsa, bir nechta o‘ylashga arziydigan jihatlar ko‘zga tashlanadi:

Bir qarashda ajoyib sahna: Kimsan Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kiyevda gitara chalib qo‘shiq ijro etdi. Bu harbiy ruh uchun yaxshidir, lekin Ukraina Qurolli Kuchlariga bugun gitara akkordlari emas, balki aniq va yetarli miqdordagi havo mudofaasi raketalari zarur.

Keyingi e’tiborimni tortgan jihat shundaki, Britaniyaning raketalar sirlarini ochgani muhim qadam, ammo bunday murakkab raketalarni doimiy bombardimon ostida turgan Ukraina hududida ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun necha yillar va qancha milliardlab dollarlar kerak bo‘lar ekan?

“Qora yakshanba”

Urushning iqtisodiy frontdagi aks-sadosi bu safar Rossiyaning eng yirik marketpleyslaridan biri – Ozon logistika imperiyasiga kelib urildi. 24 avgustga o‘tar kechasi Ukraina dronlari Rossiyaning 3 ta turli hududidagi Ozon omborlariga bir vaqtning o‘zida ommaviy hujum uyushtirdi. Zarbalar geografiyasi ancha keng: Dog‘istonning Mahachqal’a, Adigeyaning Adigeysk va Stavropol o‘lkasidagi Nevinnomissk shaharlaridagi ulkan logistika markazlari nishonga olindi. Bu strategik zarbalar nafaqat marketpleysning omborlarini, balki dushanba kuni Moskva birjasidagi aksiyalar narxini ham tom ma’noda “portlatdi”.

Mahalliy manbalar taqdim etgan faktlarga ko‘ra, eng og‘ir zarba Mahachqal’adagi logistika markaziga to‘g‘ri kelgan.

“Ozon matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Mahachqal’adagi logistika markaziga dron taxminan soat 05:00 da hujum qilgan. Barcha tizimlar odatdagidek ishladi, xodimlar tezkor ravishda evakuatsiya qilindi. Bir necha jabrlangan kishiga shifokorlar yordam ko‘rsatdi, ularning hayotiga xavf yo‘q”, deyiladi kompaniya axborotida.

Biroq binoda chiqqan kuchli yong‘in sababli Mahachqal’adagi ombor faoliyati to‘liq to‘xtatildi. Ozon ushbu ob’ektdan yetkazib berilishi kerak bo‘lgan mahsulotlarni vitrinadan yashirishga, boshqa ob’ektlardan yetkazib berish imkoni bo‘lmagan buyurtmalarni esa bekor qilishga majbur bo‘ldi.

Adigeyskda ham ahvol havas qilgudek emas. Adigeya rahbari Murod Kumpilov Taxtamukay tumanidagi Ozon omborida hujum oqibatida yong‘in chiqqani va uni o‘chirishga Favqulodda vaziyatlar vazirligi kuchlari jalb qilinganini tasdiqladi.

Stavropol o‘lkasi gubernatori Vladimir Vladimirov esa Nevinnomissk sanoat zonasiga qilingan hujum havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan qaytarilganini bildirgan bo‘lsa-da, bu yerda ham, Adigeyskda ham xavfsizlik nuqtai nazaridan omborlar faoliyati vaqtincha muzlatib qo‘yildi.

Afsuski, hujumlar to‘lqini tinch aholi va bolalar xavfsizligiga ham daxl qildi. Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratevning ma’lum qilishicha, Krasnodarda xususiy bolalar markaziga dron qoldiqlari tushishi oqibatida 2 nafar bola halok bo‘lgan, 7 nafar bola va 2 nafar katta yoshli kishi jarohatlangan.

Dronlar xabaridan so‘ng Moskva birjasi dushanba kungi savdolarni haqiqiy shok holatida boshladi. Ozon aksiyalari narxi atigi 10 daqiqa ichida avvalgi kungi yopilish narxi – 2 968 rubldan 29,09 foizga arzonlashib, 2 112,5 rublgacha tushib ketdi.

Birjadagi vahimaning oldini olish va bozordagi narxni sun’iy ushlab turish uchun Moskva birjasi zudlik bilan diskret auksion (savdolarni vaqtincha to‘xtatib, buyurtmalarni maxsus yig‘ish mexanizmi) rejimini ishga tushirishga majbur bo‘ldi. Auksion Moskva vaqti bilan 10:22 dan 10:52 gacha davom etdi va shundan so‘nggina savdolar sekin-asta odatiy tartibga qaytdi.

Rossiya rasmiylari mamlakat ichkarisida infratuzilma to‘liq himoyalanganini ta’kidlashdan charchamayapti. Biroq Rossiya hududining ichkarisidagi va Kavkaz bo‘yidagi logistika zanjirlarining uzilishi Rossiya elektron tijorati va yetkazib berish tizimi naqadar zaif holga kelganini ko‘rsatib qo‘ydi.

Rossiya elektron tijorati va chakana savdo gigantlari endi nafaqat inflyatsiya va sanksiyalar bilan, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri osmondan tushayotgan moliyaviy zararlar bilan ham hisoblashishga majbur. Investorlarga esa hozircha faqat “kutish va kuzatish” pozitsiyasini egallash tavsiya etilmoqda.
 
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing