Eronga ketayotgan 17 nafar afg‘on muhojiri cho‘lda suvsizlikdan vafot etdi
Olam
−
11:05 1077 2 daqiqa
Afg‘onistondan Eronga o‘tishga uringan 17 nafar migrant yo‘lda tashnalikdan halok bo‘ldi. Bu haqda “AmuTV” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea joriy yilning 10 sentyabr kuni Eronning Saravon shahri yaqinidagi Rotak chegara hududining Mak-Suxteh mavzesida sodir bo‘lgan. Migrantlar yo‘l davomida suv zaxirasi tugab qolishi ortidan og‘ir suvsizlanishga duch kelgan.
Halok bo‘lganlar orasida Afg‘onistonning Bag‘lon viloyatidan bo‘lgan bir oilaning 5 nafar a’zosi ham bor. Ular 45 yoshli ona hamda 14, 16, 18 va 22 yoshli to‘rt qizidan iborat bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida 14 yoshga to‘lmagan 6 nafar bola ham bo‘lgan.
Marhumlarning qarindoshlari va voqea guvohlari migrantlar Eronga boradigan yo‘lda suv keskin tanqis bo‘lganini va shu sababli odamlar suvsizlikdan vafot etganini bildirgan.
Eronning inson huquqlari va mahalliy voqealarni yorituvchi Haalvsh tarqatgan videolarda noma’lum hududda bir nechta qabr qazilayotgani aks etgan. Tashkilot mazkur qabrlar yo‘lda halok bo‘lgan afg‘onlar uchun tayyorlanganini ma’lum qilgan.
Afg‘oniston fuqarolarining Eronga borish uchun xavfli cho‘l yo‘llaridan foydalanishi oqibatida yuz berayotgan shunday holatlarning birinchisi emas. Avgust oyi boshida Afg‘onistonning janubi-g‘arbidagi Nimro‘z viloyatida Hayotulloh ismli shaxs va yana 18 kishi Margov cho‘lini kesib o‘tib, Eronga borishga uringan vaqtida bedarak yo‘qolgandi. Keyinchalik ularning kuchli issiq va suvsizlik oqibatida halok bo‘lgani xabar qilingan.
Afg‘onistonda davom etayotgan qashshoqlik, ishsizlik va xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar sababli ko‘plab fuqarolar qo‘shni davlatlarga noqonuniy yo‘llar orqali chiqishga urinmoqda. Bunday safarlarda migrantlar ko‘pincha odam savdogarlari yoki kontrabandachilar xizmatidan foydalanib, cho‘l va boshqa og‘ir hududlardan o‘tishga majbur bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonda 14 million kishi kuchli oziq-ovqat tanqisligiga duch kelayotgani, bu esa mamlakat aholisining qariyb 32 foizini, ya’ni har uch kishidan birini tashkil etishi haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiRonaldu “Al-Nasr” klubini sotib olmoqchi
15 sentabr