Eronda havodagi samolyotning shinalaridan biri yorilib ketdi (video)
Olam
−
12:19 2636 2 daqiqa
Eronda Sepehran Airlines aviakompaniyasining Boeing 737 rusumli samolyoti havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay uning shinalaridan biri yorilib ketdi. Bu haqda “Fararu” agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea kecha, 15 sentyabr kuni soat 17:39 atrofida sodir bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda samolyot kuchli tebranayotgani, salon shift qoplamasining ayrim qismlari ajralib tushgani va yuk javonlaridagi buyumlar sochilib ketgani aks etgan.
Ma’lum qilinishicha, uchoq Mashhaddan Kirmonshohga parvoz qilayotgan bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, havoga ko‘tarilish vaqtida samolyotning shinalaridan biri yorilgan. Keyinchalik dvigatellardan birida ham nosozlik yuzaga kelgani haqida xabarlar tarqalgan.
Shundan so‘ng uchuvchi favqulodda holat e’lon qilib, uchoqni jo‘nab ketgan aeroportga qaytarishni so‘ragan.
Samolyot Mashhad xalqaro aeroportiga muvaffaqiyatli qo‘ngan. Hodisa vaqtida yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari jabrlanmagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda samolyot salonidan olingan videolar ham tarqalgan. Kadrlarda fyuzelyaj ichki qoplamasining ayrim qismlari ajralib tushgani, yuk javonlaridagi buyumlar sochilib ketgani va yo‘lovchilarning vahimaga tushgani aks etgan.
Hodisadan so‘ng aeroportning 31-raqamli chap uchish-qo‘nish yo‘lagi vaqtincha yopilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lovchilar samolyotdan xavfsiz tushirilgan va ularni Kirmonshohga yetkazish uchun boshqa reys tashkil etilgan. Hozircha salon shift qoplamasining ajralib tushishiga nima sabab bo‘lgani va samolyotni favqulodda qo‘ndirishga olib kelgan nosozlikning aniq sababi ma’lum qilinmagan.
Bu Sepehran Airlines aviakompaniyasining Mashhaddagi so‘nggi vaqtdagi ikkinchi hodisasi bo‘lib, 25 avgust kuni kompaniyaning Boeing 737-500 rusumli samolyoti Tehrondan Mashhadga qo‘nganidan so‘ng uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan va old shassisi qulagan. U samolyotda 127 kishi bo‘lgan, biroq o‘shanda ham jabrlanganlar haqida xabar berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gretsiya sharqida aviashou vaqtida F-4 Phantom qiruvchi samolyoti halokatga uchragani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi