Islandiyada vulqon otildi (video)

Olam

image

Islandiya janubi-g‘arbidagi Reykyanes yarimorolida bir necha hafta davom etgan zilziladan so‘ng vulqon otildi. Bu haqda mahalliy meteorologiya markazi xabar berdi.

Mutaxassislarning aytishicha, vulqon otilishi kecha, 18 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan 22:17 da boshlangan. Maxsus xizmatlar bu haqda oldindan ogohlantirilib, mahalliy aholi evakuatsiya qilingan. 

BBC ma’lumotlariga ko‘ra, Grindavik baliqchilar shaharchasidan 4 mingga yaqin odam ko‘chirilgan, yaqin atrofdagi Blue Lagoon kurorti yopilgan. Hududda favqulodda holat e’lon qilingan.

Zilzila qayd etilganidan bir soat o‘tib vulqondan lava otilgan. Portlashning aniq joyi va hajmini tasdiqlash uchun hududga Sohil xavfsizlik xizmati vertolyoti yuborilgani aytilmoqda.

Vulqondagi yoriqning uzunligi taxminan 3,5 kilometrni tashkil qiladi, lava sekundiga 100 dan 200 kub metrgacha tezlikda oqmoqda. Bu so‘nggi yillarda Reykyanes yarimorolida sodir bo‘lgan avvalgi otilishlar davridan bir necha barobar ko‘pdir.

Vulqon hozirda Grindavikdan 42 km shimoli-sharqda joylashgan Reykyavikdan ko‘rinadi.

Islandiya Prezidenti Gudni Yoxannesson hayotni saqlab qolish ustuvor vazifa ekanini, ammo binolarni himoya qilish uchun hamma narsa qilinishini aytgan. Bosh vazir Katrin Yakobsdouttir esa mahalliy aholi haqida o‘ylayotganini va eng yaxshisiga umid qilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda qurilgan himoya inshootlari ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kerak.

Ma’lumot uchun, Reykyanes yarimorolidagi joriy otilish so‘nggi uch yil ichida to‘rtinchisi bo‘ldi. Avvalgilari 2021 yil mart, 2022 yil avgust va 2023 yil iyul oylarida infratuzilma yoki aholi punktlaridan uzoqda sodir bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

vulqon Islandiya Reyk'yanes

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing