Instagram’ni “portlatgan” Bosh vazir: NATOda barchani qiziqtirgan ayol kim?

Olam

image

Islandiya tarixidagi eng yosh Bosh vazir, 36 yoshidayoq mamlakat boshqaruvini qo‘lga olgan siyosatchi, bolaligida pop qo‘shiqchisi bo‘lishni orzu qilgan, siyosatchi sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan hamda  Yevropa taqdirini hal qiladigan tadbirda nutq so‘zlaganidan keyin Instagram'dagi obunachilari soni qariyb 15 barobarga oshgan Islandiya Bosh vaziri Kristrun Frostadouttir qanday qilib dunyoga mashhur bo‘ldi? NATO sammitida dunyo e’tiboriga tushgan siyosatchi xonimning karerasiga nazar tashlaymiz. 

Kristrun Frostadouttir 2026 yilning 7–8 iyul kunlari Turkiyaning Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan NATOning 36-sammitidan keyin ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama qilingan shaxslardan biri bo‘ldi. Sammitdan olingan surat va videolar keng tarqalishi ortidan ko‘plab foydalanuvchilar “Bu ayol kim?” degan savol bilan uning shaxsiga qiziqish bildira boshladi.

Kristrun Frostadouttir kim?

Kristrun Frostadouttir 1988 yil 12 may kuni Islandiya poytaxti Reykyavik shahrida tug‘ilgan. Uning otasi yozuvchi va etnograf, onasi esa shifokor. Islandiya universitetida iqtisod bo‘yicha bakalavr darajasini olgan, keyinchalik AQSHning Boston universitetida iqtisod bo‘yicha magistr, Yel universitetida esa xalqaro munosabatlar va davlat boshqaruvi yo‘nalishida yana magistrlikni tamomlagan.

Ma’lum bo‘lishicha, Kristrun Frostadouttir turmush qurgan va ikki farzandni tarbiyalamoqda. Ularning katta qizi Mariya Herdis 2019 yilda, kenja qizi Ragnxildur Steynunn esa 2023 yilda dunyoga kelgan.

Turkiyaning Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan NATOning 36-sammitida Kristrun Frostadouttir Islandiya delegatsiyasiga boshchilik qilgan. Turkiyaning “Sözcü” nashriga ko‘ra, NATO sammiti arafasida Kristrun Frostadouttirning Instagram sahifasida 19,3 ming kuzatuvchisi bo‘lgan. Sammitdan so‘ng esa, ularning soni 69,3 ming nafarga yetgan. Ayni paytda esa uning sahifasidagi obunachilar soni 277 mingdan oshgan.

Iqtisodchidan Bosh vazirgacha

Siyosatga kirishidan oldin Kristrun Frostadouttir iqtisodchi va moliyaviy tahlilchi sifatida faoliyat yuritgan. U 2017–2018 yillarda Morgan Stanley investitsiya bankining Londondagi ofisida ishlagan. Shundan so‘ng 2018–2021 yillarda Islandiya Savdo palatasida bosh iqtisodchi, 2021 yilda esa parlament saylovlari oldidan qisqa muddat Kvika Bank bosh iqtisodchisi bo‘lgan.

Iqtisodiyot, inflyatsiya va moliya bozorlariga oid tahlillari bilan televideniye va ommaviy axborot vositalarida muntazam chiqish qilgani sababli, u siyosatga kirishidan avval ham Islandiyada mashhur iqtisodchi sifatida tanilgan.

2021 yil 25 sentyabrda Reykyavik janubiy saylov okrugidan Alting (Islandiya parlamenti) deputati etib saylangan Frostadouttir oradan bir yil o‘tib, 2022 yil 28 oktyabrda Sotsial-demokratik partiyasi alyansi raisiga aylangan. Ma’lumot uchun, Alting Islandiyaning bir palatali parlamenti bo‘lib, mamlakatning oliy qonun chiqaruvchi organi hisoblanadi.

2024 yil 30 noyabrdagi muddatidan oldingi parlament saylovlarida uning partiyasi g‘oliblar qatoridan joy oldi va hukumat tuzdi. 2024 yil 21 dekabr kuni Prezident Halla Tomasdouttir yangi hukumatni tasdiqlagach, Frostadouttir 36 yoshida Islandiya tarixidagi eng yosh Bosh vazir sifatida lavozimga kirishgan.

Shuningdek, 2025 yil fevral oyida hatto Guinness World Records uni dunyodagi eng yosh amaldagi hukumat rahbari sifatida qayd etgan.

Yevropa Ittifoqi va NATO bo‘yicha qarashlari

Yevropa Ittifoqi masalasida ham u avvalgi hukumatlardan farqli pozitsiyani egallaydi. Uning fikricha, Islandiya Yevropa bilan yanada yaqin hamkorlik qilishi kerak.

2025 yil aprel oyida Euronews telekanaliga bergan intervyusida Frostadouttir Bosh vazirlikka kelgach, xalqaro siyosat uning faoliyatida kutilganidan ham muhim o‘rin egallaganini aytgan.

“Men saylov kampaniyasini asosan ichki masalalar – uy-joy, iqtisodiyot va ijtimoiy siyosatga qaratgan edim. Ammo bu lavozimga kelganingizda xalqaro siyosatning o‘zi hayotingizga kirib keladi”, degan u.

NATO masalasida esa Frostadouttir xavfsizlikni faqat harbiy kuch bilan o‘lchab bo‘lmasligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, kuchli iqtisodiyot, demokratik institutlar va jamiyatning barqarorligi ham milliy xavfsizlikning ajralmas qismi hisoblanadi.

Anqaradagi NATO sammitidan keyin Instagram sahifasida Frostadouttir alyansning kelajagi haqida ham fikr bildirgan.

“Shimoliy Atlantika ittifoqi (NATO) o‘zgarib bormoqda. Endi Yevropa ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmoqda. Bu ijobiy holat. NATO hech qachon bugungidek yirik va kuchli bo‘lmagan. Men Islandiya bundan keyin ham ishonchli ittifoqchi bo‘lib qolishi va o‘z hissasini qo‘shishda davom etishini muhim deb bilaman. Bugun Anqarada bo‘lib o‘tgan NATO sammitida aynan shunday ruh va yakdillik hukm surdi. Bosh vazir sifatida men har bir imkoniyatdan foydalanib, Islandiyaning manfaatlari va pozitsiyasini ilgari suraman. Shu bois eng yaqin ittifoqchilarimiz rahbarlari bilan yaxshi munosabatlarni saqlash juda muhim”, deb yozgan u.

Ijtimoiy tarmoqlarda qanday ko‘rinadi?

Kristrun Frostadouttir ijtimoiy tarmoqlarda ham faol. Facebook va Instagram sahifalarida rasmiy uchrashuvlar bilan bir qatorda kundalik hayotidan ham lavhalar ulashib turadi.

Masalan, yaqinda u “Sochimni oldirishga ham ulguribman” deb yozgan postida yangi soch turmagi bilan tushgan suratini joylashtirdi.

“Sochimni oldirishga ham ulguribman. Ammo xayolim hali ham ko‘plab muhim davlat masalalari bilan band. Vestman orollariga transport qatnovidagi jiddiy muammolarni hal qilish ustida ishlayapmiz. Shu masala bo‘yicha iqtisodiy kengash yig‘ilishini chaqirdim. Unda davlat byudjeti rejasi va iqtisodiyotdagi vaziyat muhokama qilindi.

Shuningdek, parlamentda yoz mavsumida dizel va benzin narxini pasaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqiladi. Hukumat saylangan mansabdor shaxslar va yuqori lavozimli amaldorlarning ish haqini tartibga soluvchi yangi tizimni ham taklif qildi.

Reykyavikda 2017 yildan buyon ilk bor davlat yerlarida 1 400 ta yangi uy-joy qurilishi bo‘yicha uzoq muddatli kelishuvga erishildi. Uylarning kamida 30 foizi arzon narxdagi yoki notijorat uy-joylardan iborat bo‘ladi. Davlat va mahalliy hokimiyatlar birgalikda harakat qilsa, katta natijalarga erishish mumkin.

Parlamentdagi ishlar ham yaxshi ketmoqda va kelasi hafta mahalliy saylovlarga e’tibor qaratamiz”, deb yozgan u Instagram sahifasida.

Bu uning ish faoliyati bilan shaxsiy hayotini uyg‘un tarzda yoritishga harakat qilishini ko‘rsatadi.

Kristrun Frostadouttir 2025 yil sentyabr oyida Islandiyaning Kratinn podkastiga bergan intervyusida oilasi uning hayotidagi eng katta tayanch ekanini aytgan.

“Men deyarli har doim kechki ovqatni uyda yeyman. Agar kechki soat beshdan yettigacha qandaydir tadbir bo‘lsa, men uyda bo‘lishni afzal ko‘raman. Ertalab juda erta uyg‘onaman, bolalarim uyg‘onishidan oldin hukumat yig‘ilishlariga tayyorgarlik ko‘raman. Keyin ularni bog‘cha va maktabga tayyorlayman va imkonim qadar haftasiga bir necha marta o‘zim olib boraman”, degan u.

Frostadouttir bo‘sh vaqtini esa asosan oilasi bilan o‘tkazishni afzal ko‘radi.

“Men deyarli ish, turmush o‘rtog‘im va bolalarimdan boshqa narsa bilan shug‘ullanmayman. Turmush o‘rtog‘im mening eng yaqin do‘stim”, deya ta’kidlagan Frostadouttir.

Kristrun Frostadouttir nimalarni yoqtiradi?

Kristrun Frostadouttir siyosiy faoliyatidan tashqari oddiy hayot tarzini afzal ko‘rishini aytadi. Islandiyaning Feykir nashriga bergan savol-javobida u uyidagi eng sevimli joy mehmonxonadagi divan ekanini aytgan.

“Uyimdagi eng sevimli joy – mehmonxonadagi divan. Jimjitlikni yaxshi ko‘raman. Mashinada yolg‘iz ketayotganimda ham ba’zan radioni yoqmayman”, degan u.

Frostadouttir oshxonada vaqt o‘tkazishni ham yoqtiradi. O‘sha intervyuda undan eng sevimli buyumi haqida so‘ralganda, u hazil aralash shunday javob bergan:

“Yangi pankeyk tovam. Endi pankeykni ancha yaxshi pishiradigan bo‘lib qoldim”, degan Islandiya Bosh vaziri.

2024 yil aprel oyida Einkalífið podkastiga bergan intervyusida esa o‘zini introvert inson sifatida ta’riflagan.

“Men introvertman. Bolaligimda juda tortinchoq edim. Yolg‘iz yoki kichik davrada bo‘lish menga yoqadi”, degan u.

Frostadouttirning aytishicha, bolaligida oilasi bilan bir muddat Buyuk Britaniyada yashagani uning xarakteriga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan va uni yanada ochiqroq insonga aylantirgan.

Yana bir qiziq jihati shundaki, u bolaligida kelajakda siyosatchi emas, avval muhandis, keyinchalik esa pop qo‘shiqchisi bo‘lishni orzu qilganini ham yashirmagan.

Kristrun Frostadouttirning Anqaradagi NATO sammiti ortidan mashhurlashishi tasodif emas. Uning yoshi, siyosiy tajribasi, oilaviy hayoti va zamonaviy qarashlari uni nafaqat Islandiyada, balki xalqaro maydonda ham qiziq shaxsga aylantirdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing