Indoneziyada vulqon otilishi oqibatida 8 ta aeroport yopildi

Olam

image

Indoneziyada Anak-Krakatau vulqoni otilishi natijasida tarqalgan vulqon kuli sabab 8 ta aeroport, jumladan Jakartani ta’minlaydigan 2 ta aeroport faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda mamlakat Transport vaziri Dudi Purvaganda ma’lum qildi.

4 sentyabr kuni kechqurun boshlangan otilishlardan keyin vulqon kuli Yava va Sumatra orollari o‘rtasida joylashgan Anak-Krakataudan tarqalib, Jakarta va uning atrofidagi hududlarni qoplagan. Xavfsizlik nuqtai nazaridan aeroportlardagi parvozlar bekor qilingan.

Transport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, parvozlarning bekor qilinishi 170 ming kishiga ta’sir ko‘rsatgan. Jakartaning asosiy aeroporti mahalliy vaqt bilan bugun, 7 sentyabr kuni soat 18:00 gacha yopiq bo‘lishi rejalashtirilgan.

Vazir Dudi Purvaganda aeroportlar qachon ochilishini aniq aytish qiyinligini bildirgan. U bunga ob-havoning o‘zgaruvchanligi sabab bo‘layotganini ta’kidlagan.

Jakarta yaqinidagi Lampung va G‘arbiy Yava provinsiyalariga xizmat ko‘rsatuvchi aeroportlarni o‘z ichiga olgan yana 7 aeroport esa kamida bugun soat 08:59 gacha yopiq qolishi belgilangan.

Vulqon monitoringi agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Anak-Krakataudagi so‘nggi otilish kecha, 6 sentyabr kuni soat 20:23 da qayd etilgan. Mutaxassislar yaqin vaqtda yana otilishlar sodir bo‘lish ehtimoli yuqori ekanidan ogohlantirgan.

Meteorologiya, iqlim va geofizika agentligining ma’lum qilishicha, vulqon kuli Yava tomonida 6 ming metrgacha, Sumatra tomonida esa 15 ming metrgacha balandlikka ko‘tarilgan. Kul Yavadagi Banten provinsiyasining ayrim hududlariga ham tarqalgan.

Tabiiy ofatlar agentligi aholiga ko‘chaga chiqqan paytda vulqon kulini nafas orqali qabul qilmaslik uchun niqob taqishni tavsiya qilgan. Jakarta va Lampungda esa o‘quvchilar salomatligiga xavfni kamaytirish maqsadida maktablarda masofaviy ta’lim joriy etilgan.

Ma’lumot uchun, Indoneziya Tinch okeanidagi “Olov halqasi” hududida joylashgan bo‘lib, mamlakatda zilzilalar va vulqon otilishlari tez-tez sodir bo‘ladi.

Anak-Krakatau nomi “Krakatau farzandi” ma’nosini anglatadi. Vulqon qariyb bir asr avval 1883 yildagi ulkan portlashlar natijasida vayron bo‘lgan Krakatau vulqoni joylashgan hududda paydo bo‘la boshlagan. 1883 yilgi otilishlar oqibatida yuzaga kelgan sunamilar 36 mingdan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Indoneziyadagi Dukono vulqoni otilishi oqibatida uch nafar sayyoh halok bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing